O‘zbekistonda go‘sht narxi bir oyda qariyb 8 foizga oshdi

O‘zbekistonda go‘sht narxlari so‘nggi bir oy ichida 8 foizgacha qimmatlashdi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, mol go‘shti narxi 75 mingdan 108 ming so‘mgacha yetgan.
25-fevral holatida mol go‘shti 70 mingdan 100 ming so‘mgacha bo‘lganini ko‘rish mumkin. Uning minimal narxi 5 ming so‘m, maksimal narxi esa 8 ming so‘mga oshgan.

Qo‘y go‘shtida ham o‘sish kuzatildi. Fevralda narxlar 84 mingdan 110 ming so‘mgacha edi. Mart oyida esa 85 mingdan 110 ming so‘mgacha qayd etildi.

Bu yerda minimal narx 1 ming so‘mga oshgan, maksimal narx esa o‘zgarmagan. Ayrim kesimlarda o‘zgarishlar yanada sezilarli. Masalan, mol go‘shti qovurg‘asi 70 – 80 mingdan 75 – 80 ming so‘mgacha ko‘tarilgan. Muzlatilgan mol go‘shti esa 74 – 98 mingdan 75 – 108 ming so‘mgacha oshgan.
O‘zbekiston go‘sht mahsulotlarini xorijdan import qiluvchi davlat qatoriga kiradi. Mahalliy yetishtirilgan mahsulotlar ichki bozorni ta’minlay olmaydi. Xususan, 12-mart kuni Pokistonning Lahor shahridan uchgan Boeing 737 samolyoti mahalliy vaqt bilan soat 21:10 da Toshkent xalqaro aeroportiga yetib keldi. Parvoz orqali mamlakatga 17 tonna go‘sht va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari olib kelingan edi.
Loyiha doirasida kelgusida yuk tashish hajmini bosqichma-bosqich oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, keyinchalik bir reysda 100 tonnagacha yuk tashish imkoniyatini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekiston Qozog‘iston go‘shtini qanchadan sotib olishi haqida yozgan edi.