Yaqin Sharqdagi keskinlik Osiyo iqtisodiyotiga xavf solmoqda — ADB

Yaqin Sharqdagi davom etayotgan mojaro Osiyo va Tinch okeani mintaqasida iqtisodiy o‘sishga jiddiy zarba berishi mumkin. Bu haqda Asian Development Bank (ADB) yangi tadqiqotini e’lon qildi.
Hisobotda qayd etilishicha, agar energiya bozori uzilishlari bir yildan ortiq davom etsa, 2026 – 2027-yillarda mintaqa iqtisodiy o‘sishi 1,3 foiz punktgacha pasayishi, inflyatsiya esa 3,2 foiz punktgacha oshishi mumkin.
Tahlilchilarga ko‘ra, mojaroning asosiy ta’siri energiya narxlarining oshishi, ta’minot zanjirlarining uzilishi, savdo hajmining qisqarishi hamda moliyaviy sharoitlarning keskinlashuvi orqali seziladi. Bundan tashqari, turizm va pul o‘tkazmalari ham salbiy ta’sir ko‘rishi mumkin.
Eng katta zarba Janubi-Sharqiy Osiyo va Tinch okeani hududidagi rivojlanayotgan davlatlarga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda. Inflyatsiya esa, ayniqsa, Janubiy Osiyo mamlakatlarida yuqori darajada oshishi mumkin.
ADB bosh iqtisodchisi Albert Park ta’kidlashicha, uzoq davom etadigan energiya inqirozi davlatlarni murakkab tanlov oldida qoldiradi.
Shu bois mutaxassislar hukumatlarga bozorni barqarorlashtirish, aholining eng zaif qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash hamda uzoq muddatli iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan siyosat yuritishni tavsiya qilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan OTB Yaqin Sharq mojarosidan aziyat chekkanlarga moliyaviy yordam paketini e’lon qilgani haqida yozgandi.