
iQOO kompaniyasi Xitoyda yangi iQOO Z11 smartfonini rasman taqdim etdi. Bu haqda ITHome nashri ma’lum qildi.
Yangi model besh xil konfiguratsiyada taqdim etilgan bo‘lib, narxlari 8/256 GB uchun $290 dan boshlanib, 16/512 GB talqinida $465 gacha yetadi. Qurilmaning asosiy xususiyati — 9020 mA/soat sig‘imli batareya bo‘lib, bu iQOO smartfonlari orasida eng katta ko‘rsatkich hisoblanadi. Smartfon 90 vattli tezkor zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi va kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, batareya 20 foizdan 80 foizgacha 44 daqiqada zaryadlanadi.

iQOO Z11 6,83 dyuymli tekis ekran bilan jihozlangan bo‘lib, 1,5K aniqlik va 165 Gts yangilanish chastotasini taklif etadi. Qurilma Dimensity 8500 protsessori asosida ishlaydi, sovitish tizimi esa 7000 mm² bug‘latish kamerasi bilan ta’minlangan. Shuningdek, smartfon IP69 darajasida chang va suvdan himoyalangan, NFC chipi va infraqizil portga ega. Qurilma Android 16 asosidagi OriginOS 6 operatsion tizimida ishlaydi.

Asosiy variantlar narxi quyidagicha:
- 8/256 GB — taxminan $290
- 12/256 GB — taxminan $335
- 16/256 GB — taxminan $375–$380
- 12/512 GB — taxminan $405–$410
- 16/512 GB — taxminan $465
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samsung rasman Galaxy A57 va A37 smartfonlarini taqdim etgan edi.