O‘zbekistonda san’atkorlar uchun yangi soliq tartibi taklif qilindi

O‘zbekistonda ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchilar uchun yangi soliq tizimi joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Adliya vazirligi tomonidan muhokamaga qo‘yilgan hujjatga ko‘ra, 1-sentabrdan boshlab san’atkorlar har bir chiqish yoki xizmat uchun alohida soliq to‘lashi kerak bo‘ladi.
Yangi tartib «bitta xizmat – bitta to‘lov» tamoyiliga asoslanadi. Dastlabki bosqichda soliq miqdori ijrochining daromadidan qat’i nazar, uning toifasi va faoliyat yuritayotgan hududiga qarab belgilanishi ko‘zda tutilgan. Hatto bepul chiqishlar uchun ham soliq to‘lash majburiy bo‘ladi, biroq davlat tadbirlari bundan mustasno.
Shuningdek, barcha xizmatlar maxsus elektron tizim orqali ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart bo‘ladi. Agar xizmatlar yashirilsa yoki rasmiylashtirilmasa, bu daromadni yashirish deb baholanib, kamida BHMning 20 baravari (8,240 mln so‘m) miqdorida jarima qo‘llanadi.
Yangi tizimda ayrim yengilliklar ham nazarda tutilgan. Jumladan, ijodkorlar daromadining bir qismini hujjatlarsiz xarajat sifatida chegirishlari, shuningdek, to‘langan bojlar va ijtimoiy to‘lovlarni ham hisobga olishlari mumkin bo‘ladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan san’atkorlar endi soliq deklaratsiyasini onlayn tarzda taqdim etishi mumkinligi haqida yozgandi.