O‘zbekiston va Tojikiston rahbarlari Buxorodagi tarixiy obidalarni ziyorat qildi

Tojikiston Respublikasi prezidenti Emomali Rahmon Shavkat Mirziyoyev bilan birga Buxoroda joylashgan qadimiy tarixiy obidalarni ziyorat qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
O‘zining benazir tarixiy, me’moriy va madaniy boyliklari bilan mashhur Buxoro shahri asrlar davomida fan, islom ilmi va ma’naviyat markazlaridan biri sifatida tanilgan. Shaharning yoshi 2,5 ming yildan oshgan bo‘lib, uning tarixiy markazi 1993-yilda UNESCOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Davlat yetakchilari dastlab Bahouddin Naqshband maqbarasiga tashrif buyurdi. Ushbu majmua Naqshbandiya tariqatining asoschisi Bahouddin Naqshband dafn etilgan joyda barpo etilgan bo‘lib, maqbara, xonaqoh, masjidlar, daxma va so‘fiylik tarixi muzeyini o‘z ichiga oladi. Maqbarada Bahouddin Naqshband ta’limotining ezgu tamoyili – «Dil ba yoru, dast ba kor» shiori alohida ta’kidlandi. Bu shior insonni mehnatsevarlik va ruhiy poklikka da’vat etadi.

Shundan so‘ng Somoniylar maqbarasiga tashrif uyushtirildi. Ushbu me’moriy yodgorlik Markaziy Osiyoda pishiq g‘ishtdan bunyod etilgan eng qadimiy inshootlardan biri hisoblanadi. IX asr oxiri – X asr boshlarida Somoniylar davlati asoschisi va birinchi hukmdori Ismoil Somoniy tomonidan sulolaviy maqbara sifatida qurilgan.

Binoning me’moriy qiyofasida islomdan avvalgi davr an’analari, jumladan sug‘d madaniyatiga xos naqshlar ham o‘z aksini topgan. Quyosh nurlarining tushishiga qarab naqshlar turlicha jilolanadi, binoning kub va gumbaz shaklidagi kompozitsiyasi esa Yer va Osmon uyg‘unligini ramziy ifoda etadi. Qalinligi taxminan ikki metrga yetadigan devorlar va yuqori sifatli g‘isht ishlatilgani tufayli maqbara bugungi kungacha yaxshi saqlanib qolgan.

Maqbaralarga ziyorat chog‘ida Qur’on tilovat qilinib, o‘tganlarga rahmat aytildi, yurtimizga tinchlik va farovonlik tilab, duo qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda Tojikiston elchixonasining yangi binosi ochilgani haqida yozgan edik.