Naqdsiz to‘lov orqali savdo qilinadigan yo‘nalishlarni kengaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda — Moliya vazirligi

Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Axadbek Xaydarov naqdsiz to‘lov orqali savdo qilinadigan yo‘nalishlar kelajagiga oid «Kursiv» muxbiri savoliga javob berdi. Unga ko‘ra, vazirlik naqdsiz to‘lovlar ro‘yxatini kengaytirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqmoqda. U bu haqda 27-mart kuni OAV vakillari bilan uchrashuvda qayd etdi.
«Bu bo‘yicha takliflarimiz bor. Va hozir bu eksperiment (1-apreldan yangi tartib —tahrir), baribir, natijasiga qaraymiz. Unga qarab boshqa xizmatlarni ham o‘tkazish bo‘yicha takliflarimiz bor. Ular ishlab chiqilmoqda», — dedi vazir o‘rinbosari.

Ma’lumot o‘rnida, 1-apreldan boshlab ayrim (uy-joy, avtomobil, tamaki va alkogol mahsulotlari, kommunal to‘lovlar, qiymati 25 mln so‘mdan oshadigan tovar-xizmatlar) to‘lovlarning bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshirilishi belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri avtomobil va uy-joy savdosidagi narxlarga davlat organlari aralashmasligi haqida yozgan edi.