Toshkentda yashirin narkolaboratoriya fosh etildi

Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida noqonuniy dorivor vositalar tayyorlanadigan yashirin laboratoriya aniqlandi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Sergeli tumanida aniqlangan narkolaboratoriya faoliyati to‘xtatildi. Aniqlanishicha, 2003-yilda tug‘ilgan, Toshkent viloyatining Chinaz tumanida yashovchi shaxs ko‘p qavatli uydagi xonadonni ijaraga olib, laboratoriya tashkil qilgan.
Tadbir davomida laboratoriyadan jami qiymati 4,5 mlrd so‘mga teng bo‘lgan 3,5 kg «Pregabalin» kuchli ta’sir qiluvchi modda, 20 litr suyuq va 25 kg kukun ko‘rinishidagi prekursorlar hamda ularni tayyorlash va qadoqlashda ishlatiladigan asbob-uskunalar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi. Shuningdek, laboratoriyada kimyogar sifatida ishlovchi yana bir chinozlik fuqaro ham ushlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu shaxslar dastlab Telegram messenjeri orqali faoliyat yurituvchi narkodo‘konda «kladmen» sifatida dorivor vositalarni tarqatgan. Keyinchalik esa jinoiy guruh rahbarlarining ishonchiga kirib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri giyohvandlik mahsulotlari tayyorlashga jalb qilingan.
Hozirda holat yuzasidan nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amudaryo orqali narkotik modda olib o‘tishga uringan shaxs qo‘lga olingan edi.