Oʻzbekistonda shaxsiy ma’lumotlar toʻgʻrisidagi qonunga oʻzgartirishlar kiritildi

O‘zbekistonda shaxsga doir ma’lumotlarning xavfsizligi va samarali himoyasini ta’minlashga qaratilgan qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, shaxslarning biometirik ma’lumotlari, genetik ma’lumotlari hamda mamlakat hududida faoliyat yuritayotgan telekommunikatsiya operatorlaridagi jismoniy shaxslar xizmatlaridan foydalanuvchi ma’lumotlari kabi shaxsga doir ma’lumotlar faqat O‘zbekiston hududida saqlanishi shart.
Shuningdek, yuqorida ko‘rsatilmagan shaxsga doir ma’lumotlar faqatgina quyidagi shartlardan biri bajarilganda O‘zbekiston tashqarisida saqlanishi va ishlov berilishi mumkin:
- ma’lumotlar saqlanishi uchun xorijiy davlatni bir xil himoya darajasi mavjud deb tan olishi;
- operator tomonidan vakolatli davlat organi tasdiqlagan standart shartnomaviy shartlar yoki majburiy korporativ qoidalar qabul qilinishi va ularga rioya qilinishi;
- operator tomonidan shaxsga doir ma’lumotlarni boshqarish va saqlash bo‘yicha xalqaro standartlarga rioya qilinishi.
Shu yilning yanvar oyida qonun loyihasi Senatga yuborilgan edi. Fevral oyida Oliy Majlis Senati «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarni ma’qulladi. Mazkur o‘zgarishlar xalqaro to‘lov tizimlari, jumladan PayPal, Apple Pay va Google Pay kabi xizmatlarning O‘zbekiston bozoriga kirishini osonlashtirishga qaratilgan bo‘lib, frilanserlar va dasturchilar uchun xorijiy platformalarda qonuniy to‘lov imkoniyatlarini yaratadi.
Asosiy cheklovlar faqat biometrik, genetik va telekommunikatsiya xizmatlariga oid ma’lumotlarga nisbatan saqlanadi, boshqa turdagi ma’lumotlarni esa xavfsizlik talablari asosida chet elga uzatish mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasiga shaxsga doir ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlagan davlatlar ro‘yxatini tasdiqlash vakolati berilgan. Senatorlar fikricha, bu o‘zgarishlar fintex va elektron tijorat sohasini rivojlantirishga yordam beradi, frilanserlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi va xorijiy sayyohlar uchun kontaktsiz to‘lov tizimlarini kengaytiradi.
Hujjat bilan amaldagi cheklovlarni yumshatish, O‘zbekiston iqtisodiyotini raqamli xizmatlar va xalqaro moliya vositalari bilan integratsiyalash imkonini berish ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda sun’iy intellekt yordamida shaxsga doir ma’lumotlarga noqonuniy ishlov berganlik uchun javobgarlik belgilangan edi.