Husanov yana «Siti»da oy o‘yinchisiga nomzod, Toshkentda 107 tup daraxt qurib qoldi — 28-mart kungi yangiliklar dayjesti

Kursiv Uzbekistan 28-mart kuni e’lon qilingan yangiliklarning muhimlarini bir joyga jamladi.
Abduqodir Husanov «Manchester Siti»ning oy o‘yinchisi nomiga nomzod

O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov «Manchester Siti» klubining mart oyidagi eng yaxshi futbolchisi nomiga nomzodlar qatoridan joy oldi. G‘olib muxlislar ovoz berishi orqali 1-aprelga qadar aniqlanadi.
Klubning rasmiy platformasida ma’lum qilinishicha, mukofot uchun jami 3 ta nomzod ko‘rsatilgan: Husanov, Jeremi Doku va Rodri. Ovoz berish jarayonida qatnashish uchun ishqibozlar klub saytida ro‘yxatdan o‘tishlari talab etiladi.
O‘zbekiston startap-ekotizimi qiymati 10 yilda 4000 barobar oshdi — Abdulla Aripov

Qozog‘istonning Chimkent shahrida bo‘lib o‘tgan «Digital Qazaqstan – 2026» xalqaro forumida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov mamlakatning raqamli yutuqlari haqida ma’lumot berdi. So‘nggi o‘n yillikda O‘zbekiston startap-ekotizimi qiymati $1 mlndan $4 mlrdgacha o‘sgan.
Bosh vazirning ta’kidlashicha, so‘nggi to‘qqiz yilda keng polosali internet qamrovi 41 foizdan 99,5 foizgacha yetgan, tarmoq o‘tkazuvchanligi esa 40 barobar oshgan. Shuningdek, elektron hukumat tizimlarini yagona ma’lumotlar markaziga birlashtirish orqali budjet mablag‘larining 30 foizi tejalgan.
Havodan quvvat oluvchi sun’iy yo‘ldosh sinovdan o‘tdi

O‘ta past Yer orbitasida sun’iy yo‘ldoshlar uchun an’anaviy yoqilg‘i o‘rniga atmosfera zarralaridan foydalanuvchi yangi elektr harakatlanish (ABEP) tizimi loyihasi muvaffaqiyatli sinovdan o‘tdi. Ushbu texnologiya qurilmalarning ishlash muddatini uzaytirish va parvoz xarajatlarini kamaytirish imkonini beradi.
Yangi texnologiya sun’iy yo‘ldoshlarga 180 dan 250 kilometrgacha bo‘lgan o‘ta past Yer orbitasida barqaror ishlash imkonini beradi. Dvigatel atmosferada qolgan gazlarni yig‘ib, ularni ionlashtiradi va tortishish kuchi hosil qilish uchun tezlashtiradi.
Toshkentda noqonuniy ko‘chirilgan 107 tup daraxt qurib qoldi

Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida 108 tup daraxt noqonuniy ravishda ko‘chirib o‘tqazilgan. Buning oqibatida 107 tup daraxt qurib qolgan va tabiatga 881 mln 268 ming so‘m zarar yetkazilgan. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar bermoqda.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Ekopolitsiyaga kelib tushgan murojaat asosida «Yunona» MFY hududida joylashgan Abu Ali ibn Sino ko‘chasidagi yopiq kollektor hududini o‘rgandi. O‘rganish natijasida 108 tup daraxtning noqonuniy ko‘chirib o‘tqazilgani aniqlandi.
Galaxy S27 Ultra yangi avlod tezkor xotirasi bilan jihozlanishi mumkin

Samsung kompaniyasining Galaxy S27 Ultra smartfoni birinchilardan bo‘lib LPDDR6 tezkor xotirasi hamda Snapdragon 8 Elite Gen 6 Pro protsessoriga ega bo‘lishi mumkin. Bu o‘zgarishlar qurilmaning sun’iy intellekt va o‘yinlardagi unumdorligini sezilarli darajada oshirishi aytilmoqda.
LPDDR6 xotirasi yuqori o‘tkazuvchanlik va quvvat samaradorligini ta’minlaydi. Bu ko‘p vazifali rejim, ilovalarni yuklash va sun’iy intellekt amallarini tezlashtirishga yordam beradi. Hozirgi flagman smartfonlar, asosan, LPDDR5X xotirasidan foydalanmoqda.
O‘zbekiston Lesoto bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatdi

27-mart kuni Nyu-York shahrida O‘zbekiston va Lesoto Qirolligi hukumatlari o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida hujjat imzolandi. Bu haqda «Dunyo» AA xabar bermoqda. Hujjatni ikki mamlakat nomidan O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov hamda Lesotoning BMTdagi vakili Matete Nena imzoladi. Tomonlar xalqaro tashkilotlar, xususan, BMT va uning ixtisoslashtirilgan muassasalari doirasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash muhimligini ta’kidladilar.
Jazoni ijro etish muassasalaridagi yoshlar zamonaviy raqamli kasblarga o‘qitiladi
O‘zbekiston prezidentining 2026-yil 27-martdagi qaroriga asosan, jazoni o‘tayotgan yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitishga qaratilgan «Ikkinchi imkon» ijtimoiy reabilitatsiya milliy loyihasi amalga oshiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
2026-yil 1-iyundan boshlab Toshkent, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlaridagi, 2027-yil 1-martdan esa respublikaning boshqa hududlaridagi jazoni ijro etish muassasalarida raqamli kasblarga o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. O‘quv jarayonlari 8 – 12 oylik intensiv dasturlar asosida bevosita muassasalarning o‘zida tashkil etilishi belgilangan.