Lotin Amerikasi dunyoga oziq-ovqat yetkazib berishda yetakchi hududga aylandi

Lotin Amerikasi so‘nggi yillarda dunyoning eng muhim oziq-ovqat eksport qiluvchi hududlaridan biriga aylanmoqda. Bu haqda Naked Science nashri xabar berdi.
Mintaqaning bir necha asosiy mamlakatlari global bozorga soya, mol go‘shti, avokado, kofe kabi mahsulotlarni yetkazib berishda yetakchi o‘rinlarni egallamoqda.
Braziliya va Argentina — yetakchi yetkazib beruvchilar
Braziliya eng asosiy eksport mahsulotlari kofe, soya, makkajo‘xori, shakarqamish va mol go‘shtini ishlab chiqarishda yetakchi hisoblanadi. Argentina esa soya, makkajo‘xori, bug‘doy va mol go‘shti bilan mustahkam o‘rin egallab, Lotin Amerikasi dunyoning oziq-ovqat havzasi sifatidagi rolini kuchaytirmoqda.

Market Data Forecast tahlillariga ko‘ra, Lotin Amerikasi qishloq xo‘jaligi bozori global oziq-ovqat, bioyoqilg‘i va eksport talabining o‘sishi fonida barqaror rivojlanadi. Braziliya dunyoning eng yirik kofe ishlab chiqaruvchisi bo‘lish bilan birga, soya va mol go‘shti eksportida yetakchi hisoblanadi.
Meksika avokado, pomidor va mevalar eksportida mustahkam o‘rin egallagan. Kolumbiya kofe va gullar bilan mashhur, Ekvador esa banan eksportida yetakchi va qisqichbaqa mahsulotlarini ishlab chiqarishni rivojlantirmoqda.
Chili esa premium mahsulotlar — avokado, uzum, meva va losos yetishtirish bo‘yicha eksportni kuchaytirmoqda. Shu orqali mintaqa bir necha asosiy mahsulotga bog‘liqligini kamaytirib, ko‘proq daromad keltiradigan bozorlarni egallayapti.
Kichik davlatlarning hissasi
Pараgvay va Urugvay soya, mol go‘shti va sut mahsulotlari orqali global bozorga hissa qo‘shadi. Kosta-rika kofe, banan va ananas yetkazib berishda muhim rol o‘ynaydi.
Lotin Amerikasi qishloq xo‘jaligi hajmini kengaytirish bilan birga, global oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq xavotirlarni kamaytirishda muhim rol o‘ynaydi. Mintaqaning qulay iqlimi, keng yer resurslari va agrar texnologiyalarga sarmoya jalb qilinishi raqobatbardoshlikni oshiradi va dunyo bozoridagi mavqeini mustahkamlaydi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda go‘sht narxi bir oyda qariyb 8 foizga oshgani haqida yozgandi.