
Yangi Xiaomi SU7 avtomobili rekord darajada sotuv natijalarini ko‘rsatdi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.
Kompaniya rahbari Lei Jun ma’lumotiga ko‘ra, yangilangan SU7’ning ilk haftasida qariyb 5 ming dona avtomobil yetkazib berilgan. Modelning rasmiy savdosi 19-mart kuni boshlandi. Atigi 34 daqiqa ichida buyurtmalar soni 15 mingga yetdi. Bir necha kundan so‘ng 23-martdan mijozlarga yetkazib berish boshlandi.
Avtomobil dizayni fastbek uslubini saqlab qolgan. Old qismida millimetrli radar va 400 metrgacha yorituvchi optika o‘rnatilgan. Salonida 16,1 dyuymli ekran, 56 dyuymli proyeksiya displeyi va raqamli boshqaruv tizimi mavjud. Shuningdek, ovozli yordamchi va IoT funksiyalari qo‘llab-quvvatlanadi.
Texnologik jihatdan model 5G, Wi-Fi 7 va UWB orqali avtomobilga kirish tizimi bilan jihozlangan. Xiaomi SU7 bir nechta versiyada taklif etiladi. Eng kuchli variant 288 kVt quvvatga ega. Yurish zaxirasi esa 902 km gacha yetadi.
Tezkor zaryadlash tizimi 15 daqiqada 670 km gacha masofa qo‘shish imkonini beradi. Barcha komplektatsiyalarda lidar, 4D radar va 700 TOPS hisoblash quvvatiga ega haydovchiga yordam tizimi mavjud. Model mustahkam kuzov va 9 ta xavfsizlik yostiqchasi bilan ham ajralib turadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xiaomi avtomobillarining dizayni uchun sudga tortilgani haqida yozgan edi.