O‘zbekistonda «Yosh ekolog» ko‘krak nishoni joriy etiladi

O‘zbekistonda yoshlar orasida ekologik madaniyatni oshirish maqsadida «Yosh ekolog» ko‘krak nishoni ta’sis etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, shu yildan boshlab oliy ta’lim muassasalari «yashil kampus» loyihalarini ishlab chiqadi. Ushbu loyihalar Ekologiya qo‘mitasi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi va ta’lim muassasalarida ekologik muhitni yaxshilashga xizmat qiladi.
Shuningdek, 1-maydan boshlab sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan «10 ming qadam piyoda» tashabbusi yana yo‘lga qo‘yiladi. Shu bilan birga, aholining jismoniy faolligini oshirish uchun «Sog‘lom turmush tarzi» platformasi ham ishga tushiriladi.
«Yosh ekolog» ko‘krak nishoni uch darajada beriladi:
- III daraja — maktab o‘quvchilari uchun;
- II daraja — texnikum o‘quvchilari va oliy ta’lim talabalari uchun;
- I daraja — ekologiya yo‘nalishida yuqori natijalarga erishgan yoshlar uchun.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonning barcha hududlarida 14 ta «yashil» texnikum tashkil etilishi haqida yozgandi.
2030-yilgacha mazkur texnikumlar orqali 10 ming nafar mutaxassis tayyorlash rejalashtirilgan. Bu orqali ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida kadrlar salohiyati oshiriladi.