O‘zbekistonlik hakam Rossiya va Mali terma jamoalari uchrashuvini boshqaradi

30-mart 2026 16:11 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir
Rustam Lutfullin / Foto: O‘FA

Rustam Lutfullin boshchiligidagi o‘zbekistonlik hakamlar brigadasi Rossiya hamda Mali terma jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvida ishlaydi. Uchrashuv 31-mart kuni Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Rossiya futbol ittifoqi xabar bermoqda.

O‘yin Moskva vaqt bilan soat 20:00 da boshlanishi rejalashtirilgan. Bosh hakam Rustam Lutfullinga qanotlarda hakamlar Sanjar Shayusupov va Akmal G‘iyosov yordam beradi. Zaxira hakami vazifasini rossiyalik Aleksey Suxoy bajarishi belgilangan.

34 yoshli Lutfullin O‘zbekiston chempionati va kubogi, shuningdek, xalqaro maydondagi uchrashuvlarda ishlab keladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u 2025-yili 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon chempionatining guruh bosqichida uchta uchrashuvni boshqargan. 2024-yilda esa Jahon chempionati Osiyo saralash bosqichining to‘rtta o‘yinida ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya terma jamoasining Nikaraguaga qarshi o‘tkazgan dastlabki o‘yinini ham o‘zbekistonlik hakamlar boshqargan. Ushbu uchrashuvda Abdurashid Xudoyberganov bosh hakam sifatida ishlagan va o‘yin 3:1 hisobida rossiyaliklarning g‘alabasi bilan yakunlangan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Saudiya Arabistonidagi Osiyo kubogida O‘zbekistonlik hakamlar faoliyat yuritgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek