Jizzax viloyatida yuk mashinasi chuqurlikka ag‘darildi — video

Ijtimoiy tarmoqlarda yo‘l ta’mirlanayotgan hududda yuk mashinasi chuqurlikka tushib ketgani aks etgan videolar tarqaldi. Holat yuzasidan Jizzax IIB izoh berdi.
Voqea 28-martdan 29-martga o‘tar kechasi Sharof Rashidov tumanidan o‘tuvchi B-08 yo‘lning 5-kilometrida sodir bo‘lgan. Haydovchi Forish – Jizzax yo‘nalishida harakatlangan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, haydovchi rul boshqaruvi vaqtida hushyorligini yo‘qotgan. Natijada mashina yo‘lni ajratuvchi yashil hududdagi chuqurlikka ag‘darilgan.
Hodisa oqibatida hech kim jarohat olmagan. Transport vositasi qisqa vaqt ichida yo‘ldan olib chiqilgan. Mutasaddilar ushbu hududda avval yo‘l belgilari va tezlik cheklovlari o‘rnatilganini ma’lum qildi. Ammo ayrim belgilar shikastlangani sabab qayta tiklangan.
Hozirda yo‘lning mazkur qismida harakat xavfsizligi to‘liq ta’minlangan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Toshkentda 8 ta avtomobil ishtirokida YTH sodir bo‘lgani haqida yozgan edi.