Isroil parlamenti Falastinliklar uchun o‘lim jazosini joriy etdi

eʼlon qilindi
Qonun Knessetda uchinchi o‘qishda 62 ga 48 ovoz bilan qabul qilingan
Isroil Falastinliklar uchun o‘lim jazosini joriy etdi
Foto: Pexels

Isroil parlamenti falastinliklarga nisbatan halokatli hujumlarda aybdor deb topilgan shaxslarga o‘lim jazosini joriy etdi. Bu haqda BBC ma’lum qildi.

Qonun Knessetda uchinchi o‘qishda 62 ga 48 ovoz bilan qabul qilindi. Ovoz berishda bosh vazir Benjamin Netanyaxu ham uni qo‘llab-quvvatladi. Yangi tartibga ko‘ra, harbiy sudlar tomonidan terrorchilik hujumida aybdor deb topilgan falastinliklar 90 kun ichida qatl etilishi mumkin. Ayrim holatlarda bu muddat 180 kungacha cho‘zilishi mumkin.

Rasmiy jihatdan qonun yahudiy fuqarolarga ham tatbiq etilishi mumkin. Ammo amalda u faqat davlat mavjudligini inkor etishga qaratilgan hujumlarga nisbatan qo‘llanadi va bunday holatlar deyarli uchramaydi.

Qonun tashabbuskori milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir bo‘lib, u qaror qabul qilingach, «biz tarix yaratdik» deya bayonot bergan.

Qonun tarafdorlari bu qaror xavfsizlikni kuchaytiradi deb hisoblamoqda. Ularning aytishicha, avval jazolangan ayrim shaxslar keyinchalik yana hujumlarda qatnashgan. Muxolifat esa qonunni keskin tanqid qildi. Ular bu qaror Isroil xavfsizligiga hissa qo‘shmasligini va xalqaro sanksiyalar xavfini oshirishini bildirdi.

Yevropaning bir qator davlatlari ham xavotir bildirdi. Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya va Italiya ushbu qonun demokratik tamoyillarga zid bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan. Falastin ma’muriyati qonunni qoralagan.

Ma’lumot uchun, Isroil tarixida o‘lim jazosi faqat ikki marta qo‘llangan. Ulardan biri natsist amaldori Adolf Eyxman bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Uganda Isroil tomonida Eronga qarshi urushga qo‘shilishi mumkinligi haqida yozgan edi.

Shuningdek