Gaitida qurolli guruhlar hujumi oqibatida kamida 70 kishi halok bo‘ldi

Gaitida sodir bo‘lgan qurolli hujum kamida 70 kishining o‘limiga va 30 kishining jarohatlanishiga sabab bo‘ldi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, hujum 29-mart kuni tongda Jean-Denis atrofidagi qishloq hududlarida boshlangan va 30-mart tongigacha davom etgan. Qurolli hujumchilar hududga bostirib kirib, bir nechta uylarni yoqib yuborgan. Defenseurs Plus tashkilotining taxmin qilishicha, zo‘ravonlik tufayli 6 ming kishi hududdan ko‘chib ketishga majbur bo‘lgan, BMT esa bu raqamni 2 mingdan ortiq deb baholadi.
Gran Grif qurolli guruhi yetakchisi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan audio xabarda hujumni o‘z bazasiga qilingan hujumlarga javob sifatida amalga oshirilganini aytgan. Hududga uchta zirhli mashinada politsiya safarbar qilingan, ammo hujumchilar yo‘lda qazigan teshiklar harakatni qiyinlashtirgan. Jarohatlanganlar mahalliy kasalxonaga yetkazilgan. Hujum oqibatida taxminan 50 ta uy yoqilgan.
Ma’lumot uchun, 2021-yildan beri Gaitida qurolli guruhlar bilan mojaro natijasida taxminan 20 ming kishi halok bo‘lgan va har yili o‘limlar soni ortib bormoqda. Gran Grif va Viv Ansanm guruhlari AQSh tomonidan terror tashkilotlari sifatida tan olingan bo‘lib, ular ommaviy qotilliklar, jinsiy zo‘ravonliklar, uylarni yoqish va qurol, giyohvand moddalar hamda organlar savdosida ayblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘oniston va Pokistondagi kuchli yog‘ingarchilik oqibatida 45 kishi halok bo‘lgan edi.