Yangi Jeep Gladiator yana mexanik uzatmalar qutisiga qaytadi

Jeep kompaniyasi o‘zining Gladiator pikap modelida mexanik uzatmalar qutisini qayta taklif qiladi. Bu haqda CarBuzz xabar bermoqda.

2025-yilgi model yili uchun Jeep Gladiator yangilanganda, u mexanik uzatmalar qutisi imkoniyatidan mahrum bo‘lgan edi. Natijada AQShda sotiladigan yagona mexanik uzatmali pikap Toyota Tacoma bo‘lib qolgandi. Garchi mexanik uzatmalar AQShda ko‘p sotilmasa-da, Jeep bozordagi bu ulushni butunlay qo‘ldan boy bermoqchi emas.

Jeep brendining of-roud va elektromobillar bo‘yicha global rahbari Aamir Ahmed 60-yillik Easter Jeep Safari tadbirida mexanik uzatmalar qutisi kompaniya uchun hamon muhimligini ta’kidladi. U aniq model nomini aytmagan bo‘lsa-da, «Wrangler’ga o‘xshash yana bir mashinamiz mexanik uzatmasini qaytarib oladi. Yangiliklarni kuzatib boring», — deya ta’kidladi. Mutaxassislar buning aynan Gladiator modeli ekanligini taxmin qilishmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Jeep ishlab chiqaruvchisi yarim yilda 2,3 milliard yevro zarar ko‘rgani haqida xabar bergan edi.