Namangan viloyatida xorijiy investitsiyalar hajmi 5 milliard dollarga yetkaziladi

eʼlon qilindi
Eksport esa $1,2 milliardga
Namangan viloyatida xorijiy investitsiyalar hajmi 5 milliard dollarga yetkaziladi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatida so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijalari hamda kelgusi ustuvor vazifalarni muhokama qilish maqsadida yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, so‘nggi sakkiz yil ichida viloyatda sanoat, xizmatlar va tadbirkorlik sohalari sezilarli o‘sishga erishdi. 40 mingdan ortiq yangi korxona ish boshlagan, ishlab chiqarish hajmi 6 barobarga oshib, 40 trln so‘mga yetgan.

2025-yil yakunlariga ko‘ra, viloyat yalpi hududiy mahsuloti 85,4 trln so‘mni tashkil etib, o‘sish sur’ati 8,2 foizni tashkil qilgan. Sanoat mahsulotlari hajmi 40,1 trln so‘m, xizmatlar hajmi esa 56,3 trln so‘mni tashkil qilgan. Xorijiy investitsiyalar $3,3 mlrdni, eksport esa $916 mlnga yetgan.

Davlat rahbari jahon bozoridagi beqaror vaziyatga qaramay, iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish va yangi «o‘sish nuqtalari»ni ishga solish muhimligini ta’kidladi. Shu munosabat bilan 2026-yilda iqtisodiy o‘sishni 9,2 foizga, sanoatni 9 foizga, xizmatlar sohasini 16,3 foizga, qishloq xo‘jaligini 6,8 foizga oshirish, turizm eksportini esa 1,7 barobar ko‘paytirish vazifasi belgilandi. Xorijiy investitsiyalar hajmi $5 mlrd, eksport $1,2 mlrd darajasiga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, yig‘ilishda sun’iy intellekt asosida hududiy salohiyatni chuqur tahlil qilish, yangi intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etish, zamonaviy IT-park va startap ekotizimini rivojlantirish kabi tashabbuslar muhokama qilindi. Turizmni rivojlantirish, «Aqlli shahar» platformasini tatbiq etish, yashil energiya loyihalari va infratuzilmani modernizatsiya qilish masalalari ham alohida ko‘rib chiqildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namanganda 150 mln dollarlik «Arashan Resort» turizm majmuasining qurilishi boshlangan edi.

Shuningdek