Apple, Microsoft, Google: Eron AQSh IT gigantlari obyektlariga zarba bilan tahdid qildi

Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Yaqin Sharqdagi AQSh kompaniyalari obyektlariga zarba berilishi mumkinligini ma’lum qildi. Bayonotda 18 ta yirik kompaniya potensial nishon sifatida tilga olingan.
Ular orasida Apple, Microsoft, Google, shuningdek Meta, Intel, HP, IBM va boshqa yirik korporatsiyalar bor. Eron tomoni bu kompaniyalarni «qonuniy nishon» deb atagan. Bayonotda ular harbiy operatsiyalar bilan bog‘liq texnologiyalarni ishlab chiqishda ishtirok etayotgani iddao qilingan.
Shu bilan birga kompaniya xodimlariga ish joylarini tark etish tavsiya etilgan. Bu ehtimoliy hujumlar fonida aytilgan.
Eron bu qarorni yaqinda yuz bergan hujumlarga javob sifatida izohlamoqda. 31-mart kuni Zanjan shahridagi diniy majmuaga zarba berilgani aytilmoqda. Natijada to‘rt kishi halok bo‘lgan. Mintaqadagi keskinlik 2026-yil 28-fevraldan beri kuchayib bormoqda. O‘shanda AQSh va Isroil Eron hududlariga qarshi keng ko‘lamli operatsiya boshlagan edi.
Bunga javoban Eron Isroil va Fors ko‘rfazi hududidagi nishonlarga zarbalar bergan. Bu hududlarda AQSh harbiy bazalari ham joylashgan. Donald Tramp esa agar kelishuvga erishilmasa, Eron infratuzilmasiga zarba berilishi mumkinligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Yaqin Sharqdagi notinchlik sabab neft narxi 115 dollardan oshgani haqida yozgan edi.