Davlat qarorlarining kamida 70 foizi sun’iy intellekt orqali avtomatlashtiriladi

Endilikda sud hujjatlari ijrosi jarayonlari to‘liq raqamlashtirilib, davlat ijrochilarining asosiy qarorlari sun’iy intellekt yordamida qabul qilinadi. Bu haqda prezident farmoni e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan boshlab davlat ijrochilari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning kamida 70 foizi sun’iy intellekt yordamida avtomatik tarzda shakllantiriladi.
Sud va boshqa organlar hujjatlari ijrosi bilan bog‘liq barcha ish yurituv jarayonlari to‘liq elektron ko‘rinishga o‘tkaziladi. Shuningdek, ijro harakatlari davomida undirilgan pul mablag‘larini taqsimlash tizimi ham raqamlashtiriladi.
Joriy yil 1-iyuldan esa sud qarorlari asosida davlat daromadiga o‘tkazilishi belgilangan avtomototransport vositalari va ko‘chmas mulklar davlat ijrochisi qarori bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga topshiriladi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda ta’lim robototexnikasi va SI xabi tashkil etilishi mumkinligi haqida yozgandi.