Toshkentda pora olayotgan Qurilish vazirligi xodimi qo‘lga olindi

Toshkent shahrida pora olayotgan Qurilish vazirligi xodimi qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bosh mutaxassisi MChJ rahbaridan $1,5 ming olayotgan vaqtda ushlangan. Qo‘lga olish paytida u qochishga uringan, biroq tezkor xodimlar tomonidan darhol to‘xtatilgan.

Tergov davomida aniqlanishicha, u Yunusobod tumanidagi 6 ta uyga xizmat ko‘rsatishni bir kompaniyadan boshqasiga o‘tkazish masalasini hal etib berishni va’da qilgan. Buning uchun u «Mening uyim» platformasida hujjatlarni ro‘yxatdan o‘tkazib berish evaziga $2,2 ming talab qilgan. Shuningdek, ushbu ishlarni o‘zining mansabdor tanishlari orqali tezlashtirib berishni rejalashtirgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri odamlarga 1 mlrd so‘mdan ko‘proq zarar yetkazgan jinoiy guruh fosh etilgani haqida yozgan edi.