O‘zbekistonda yashillik darajasi 14,2 foizga yetdi

Shavkat Mirziyoyev «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasidagi ko‘chat ekish tadbirida har yili 200 mln tup ko‘chat ekilayotganini qayd etdi. Mamlakatda yashillik darajasi 8 foizdan 14,2 foizga yetgan.
O‘tgan davrda 2 ming gektardan ortiq maydonda 942 ta yashil bog‘ va jamoat parklari tashkil etildi. Shuningdek, 47 ta massivda «Yangi O‘zbekiston bog‘lari» barpo qilindi. Bu loyihalar aholiga dam olish va ekologik muhitni yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Respublikaning tog‘, cho‘l va adir hududlarida 256 ming gektar maydonda yangi o‘rmonlar yaratildi. Bu hududlarda yashil qoplamaning kengayishi iqlimga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Orol dengizining qurigan tubida ham yirik ishlar olib borildi. Bu yerda 2 mln gektar maydonda himoya o‘rmonzorlari barpo etilgan. O‘zbekistonning 33 ta tumanida 60 kilometrli «yashil belbog‘» hosil qilingan.

Shuningdek, shamol va qum-chang bo‘ronlari ta’sirini kamaytirish maqsadida 33 ta tumanda 60 kilometr uzunlikdagi yashil belbog‘lar yaratildi.
O‘tgan yili Xo‘jayli, Yangibozor, G‘ijduvon, Baliqchi va Ohangaron tumanlarida zamonaviy ko‘chatxonalar ishga tushirildi. Ular yiliga 5,5 mln tup manzarali daraxt yetishtirish imkoniga ega. Cho‘llanishga qarshi kurashishda yangi tajriba ham joriy etildi. Xitoy tajribasi asosida ilk bor Arnasoy, Qorako‘l, Muborak, Karmana va Nukus tumanlarida 50 gektar maydonda galofit bog‘lari tashkil qilindi.
«Kursiv» daraxt ekishga 100 mln so‘m hadya qilganlarga «Ekohamkor» maqomi berilishi haqida yozgan edi.