
Har yili aprel oyining birinchi kuni dunyo bo‘ylab millionlab insonlar bir-birini chuv tushirishga urinadi. Bu bayram qayerdan kelib chiqqan. Nega aynan aprelning birinchi sanasi? Kursiv Uzbekistan ushbu an’anani ko‘rib chiqadi.
Mundarija
Aprel ahmoqlari va Qadimgi Rim festivali
TikTok va «anti-fransuz» trend
Aprel ahmoqlari va Qadimgi Rim festivali

Bayram haqidagi eng mashhur nazariya 1582-yildagi taqvim islohoti bilan bog‘liq. Unga ko‘ra, Fransiyada Qirol Karl IX farmoni bilan Yulian taqvimidan Grigorian taqvimiga o‘tiladi. Ilgari Yangi yil bahorgi tengkunlik, 1-aprelda nishonlanar edi. Islohotdan so‘ng yilning boshi 1-yanvarga ko‘chirildi.
Yangilikdan xabarsiz qolgan yoki uni qabul qilishni istamay, aprelda bayram qilishda davom etganlar ustidan masxara qila boshlashdi. Ularning orqasiga sezdirmasdan qog‘ozdan yasalgan baliq yopishtirib qo‘yishardi.
Ba’zi manbalar bu kunni Qadimgi Rimda mart oxirida o‘tkaziladigan Hilaria festivaliga bog‘laydi, u yerda odamlar turli liboslar kiyib, hattoki amaldorlarga taqlid qilib hazillashgan. Rimliklar Isida, Osiris va Set haqidagi Misr afsonasidan ilhomlangan deb ishoniladi.
Hazil kuni turli xalqlarda
Har bir mamlakat bu kunni o‘zicha nishonlaydi. Inglizlarda hazillashish faqat kunning birinchi yarmi bilan cheklangan. Tushdan keyin birovni aldagan odamning o‘zi «ahmoq» hisoblanadi.

Shotlandiyada esa bayram ikki kun davom etadi. Ikkinchi kun «Kaklik ovlash kuni» (Gowkie Day) deb ataladi. Bu kuni asosan insonning kiyimiga o‘ziga bildirmasdan hazillar yozilgan qog‘oz yopishtiriladi.
Mart oyining oxirida Hindistonda Holi bayrami nishonlanadi. Bu kuni hindlar Krishna ma’budaga taqlid qilib, odob-axloq qoidalariga rioya qilmasdan xursandchilik qiladilar. Xolini ranglar festivali deb ham atashadi. Bayramda odamlar bir-biriga rangli kukun solingan xaltachalarni otib, rangli suv sepishadi.
TikTok va «anti-fransuz» trendi
Bugungi kunda 1-aprel hazillari ijtimoiy tarmoqlarga ko‘chgan. Gap TikTok’da tarqalgan «Men fransuz bo‘lishni xohlamayman» (I don’t wanna be French) trendi haqida ketyapti. Bu trend ba’zan hazil aralash madaniy stereotiplarga asoslanadi.

Foydalanuvchilar fransuz tilidagi talaffuz yoki kiyim uslubi ustidan kulib, o‘zlarini «fransuz emasliklaridan xursand» qilib ko‘rsatishadi. Garchi bu trend har doim ham 1-aprelga bog‘liq bo‘lmasa-da, u raqamli asrda hazil va kinoya qanchalik tez «global virus»ga aylanishini ko‘rsatadi.
Psixologik jixat
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, hazil va kulgi tanadagi kortizol (stress gormoni) miqdorini tushiradi va endorfinlar — «baxt gormonlari» ajralishini rag‘batlantiradi. Psixologlar hazilni munosabatlarni saqlab qolish va ijtimoiy to‘siqlarni yengib o‘tish uchun samarali vosita deb hisoblashadi.
Zigmunt Freyd va boshqa psixologlar hazilni og‘ir vaziyatlarda qo‘rquv va xavotirdan himoyalanishning sog‘lom usuli ya’ni himoya mexanizmi sifatida baholashgan. Bu insonga muammolarga boshqa, kamroq qo‘rqinchli nuqtayi nazardan qarash imkonini beradi.