Samarqandda Tojikistondan 6 million so‘mlik Starlink’ni noqonuniy olib kirayotganlar ushlandi

eʼlon qilindi
Tojikiston bilan chegarada joylashgan Jartepa bojxona postida
Foto: Samarqand viloyati Bojxona boshqarmasi

Samarqand viloyatida sun’iy yo‘ldosh internet qurilmasini yashirin tarzda olib kirishga urinayotganlar to‘xtatildi. Mazkur holat Tojikiston bilan chegarada joylashgan Jartepa bojxona postida qayd etilgan, deya xabar berdi viloyat Bojxona boshqarmasi.

Unga ko‘ra, qo‘shni davlatdan O‘zbekiston hududiga kirib kelayotgan Mercedes-Benz rusumli avtomobil belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilgan. Tekshiruv davomida transport vositasining yukxona qismida bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan va hech qanday ruxsatnomaga ega bo‘lmagan Starlink qurilmasi borligi aniqlangan.

Foto: Samarqand viloyati Bojxona boshqarmasi

Dastlabki hisob-kitoblarga asosan aniqlangan qurilmaning qiymati qariyb 6 million so‘mni tashkil etadi. Mutasaddi idoralar ta’kidlashicha, bunday turdagi orbital aloqa uskunalarini mamlakat hududiga olib kirish va ulardan foydalanish faqat maxsus ruxsatnoma asosida amalga oshirilishi mumkin. Bu talablar radiochastota xavfsizligi va aloqa tizimlarini tartibga solish bilan bog‘liq.

Foto: Samarqand viloyati Bojxona boshqarmasi

Holat yuzasidan barcha zarur protsessual hujjatlar rasmiylashtirilgan. Shuningdek, Samarqand viloyati Elektromagnit moslashuv xizmati xulosasida ham mazkur qurilmani ruxsatsiz olib kirish va ishlatish mumkin emasligi yana bir bor tasdiqlangan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan fevral oyida Starlink sun’iy yo‘ldosh interneti Tojikistonda ishga tushirilgani haqida yozgandi.

Shuningdek