IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish xaridor emas, sotuvchining majburiyati — Raqobat qo‘mitasi

O‘zbekistonda xarid qilingan mobil qurilmalarning IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish majburiyati iste’molchiga emas, balki import qiluvchi, ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchiga yuklatiladi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi ma’lum qildi.
2025-yil davomida qo‘mitaga IMEI kodlari tizimda ro‘yxatdan o‘tmagani va xariddan so‘ng uni iste’molchining o‘zi ro‘yxatdan o‘tkazishga majbur bo‘layotgani bilan bog‘liq 147 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 55 tasi ijobiy hal qilingan bo‘lsa, 89 tasiga huquqiy tushuntirish berilgan, qolgan qismi tegishli organlarga yo‘naltirilgan.
Vazirlar Mahkamasining 778-son qaroriga muvofiq, barcha IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish majburiyati aynan tadbirkorlik subyektlari zimmasidadir. Shuningdek, «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunga ko‘ra, iste’molchi tovarni erkin tanlash huquqiga ega va sotuvchi unga qo‘shimcha xizmatlarni majburan yuklay olmaydi. Chakana savdoda ro‘yxatdan o‘tgan qurilmani taqdim etish bevosita sotuvchining vazifasi hisoblanadi.
Qo‘mita mobil qurilmalarni ishlab chiqaruvchi yoki import qilib sotuvchi tadbirkorlar tomonidan mazkur talablarga rioya etilmagan va iste’molchilar huquqlari buzilgan taqdirda, belgilangan tartibda qonuniy ta’sir choralari qo‘llanilishini ma’lum qildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yo‘qolgan telefonni qanday topish mumkinligi haqida xabar bergan edi.