
WhatsApp kompaniyasi ayrim foydalanuvchilar soxta ilova orqali josuslik dasturiga duch kelganini ma’lum qildi. Bu haqda Tech Crunch nashri xabar berdi.
Kompaniya bayonotiga ko‘ra, taxminan 200 nafar foydalanuvchi, asosan, Italiyada iPhone uchun yaratilgan zararli va norasmiy WhatsApp ilovasini yuklab olgan bo‘lishi mumkin. Ushbu ilova tarkibida josuslik dasturi mavjud bo‘lgan. WhatsApp foydalanuvchilarni akkauntdan chiqarib, soxta ilovani o‘chirib, rasmiy dasturni yuklab olishni tavsiya qilgan.
Kompaniya SIO nomli Italiya kompaniyasini mazkur soxta ilovani yaratishda aybladi. WhatsApp vakilining ta’kidlashicha, hozircha ogohlantirilgan foydalanuvchilarning kimligi haqida qo‘shimcha ma’lumotlar oshkor etilmaydi.
Shuningdek, kompaniya ushbu josuslik faoliyatini to‘xtatish maqsadida SIO’ga nisbatan rasmiy huquqiy talab yuborishni rejalashtirmoqda.
Bundan tashqari, o‘tgan yili SIO tomonidan Android uchun ham zararli ilovalar yaratilgani aniqlangan. Ular orasida WhatsApp’ning soxta versiyalari ham bo‘lib, ushbu josuslik dasturi Spyrtacus nomi bilan tanilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq WhatsApp CarPlay foydalanuvchilari uchun alohida ilovani sinovdan o‘tkazayotgani haqida xabar qilgan edik.