HMD Crest 2 Pro smartfonining xususiyatlari ma’lum bo‘ldi

Hindistonning hamyonbop smartfonlar segmentida taqdim etilishi kutilayotgan HMD Crest 2 Pro modelining texnik xususiyatlari tarmoqqa sizdirildi. Qurilma avvalgi Crest va Crest Max modellariga nisbatan sezilarli yangilanishlarga ega bo‘lishi aytilmoqda.
Sizdirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, smartfon 6,78 dyuymli, FHD+ ruxsatli va 120 Hz yangilanish chastotasiga ega Super AMOLED ekrani bilan ta’minlanadi. Uning ishlashini Qualcomm kompaniyasining Snapdragon 4 Gen 4 protsessori ta’minlaydi. Ushbu chip qo‘ng‘iroqlar, onlayn to‘lovlar va video tomosha qilish kabi kundalik vazifalar uchun yetarli bo‘lishi kutilmoqda.

Qurilmaning eng asosiy afzalliklaridan biri uning 6000 mA/soat sig‘imli akkumulyatoridir. Bu HMD kompaniyasi shu paytgacha ishlatgan eng yirik batareya bo‘lib, u 33 Vt quvvatlanishni qo‘llab-quvvatlaydi.
Smartfonning orqa panelida 64 megapikselli asosiy sensor boshchiligidagi uchta kamera, old qismida esa 50 megapikselli selfi kamerasi o‘rnatilishi kutilmoqda. HMD Crest 2 Pro narxi $214 atrofida bo‘lishi taxmin qilinmoqda, ammo rasmiy taqdimot sanasi hozircha ochiqlanmagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan HMD Global kompaniyasi Watch X1 va Watch P1 aqlli soatlarini taqdim etgani haqida xabar bergan edi.