1-apreldan davlat tibbiyot muassasalari 5 kunlik rejimda ish boshladi

O‘zbekistonda davlat tibbiyot muassasalari 5 kunlik ish haftasi rejimida faoliyat yuritishni boshladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Yangi tizimga ko‘ra, tibbiyot muassasalarida ish jarayoni uzluksizligini ta’minlash maqsadida dam olish va bayram kunlari navbatchilik asosida faoliyat davom ettiriladi. Bu orqali aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish to‘xtab qolmasligi ko‘zda tutilgan.
Vazirlik tomonidan tasdiqlangan vaqtinchalik tartibga asosan, tibbiyot xodimlari uchun haftalik ish vaqti 36 soatdan oshmaydi. Zararli va xavfli sharoitlarda ishlovchilar uchun esa qisqartirilgan ish vaqti belgilanadi. Yuqori ruhiy va aqliy zo‘riqish bilan bog‘liq lavozimlarda ham ish vaqti 36 soat bilan cheklanadi. Tibbiyot xodimi bo‘lmaganlar uchun esa haftalik ish vaqti 40 soat etib belgilangan.
Poliklinika va oilaviy shifokorlik punktlarida ish vaqti dushanbadan jumagacha soat 08:00 dan 20:00 gacha davom etadi. Shanba kunlari esa navbatchilik asosida 08:00 dan 14:00 gacha xizmat ko‘rsatiladi.
Sog‘liqni saqlashning yangi modeli joriy etilgan hududlarda asosiy ish vaqti soat 08:00 dan 16:00 gacha bo‘lib, qo‘shimcha navbatchilik 16:00 dan 20:00 gacha tashkil etiladi.
Shuningdek, statsionar muassasalarda navbatchilik tizimi doimiy asosda yo‘lga qo‘yiladi. Smena va navbatchiliklar xodimlar o‘rtasida adolatli taqsimlanadi. Barcha o‘zgarishlar davomida xodimlarning ish haqi saqlanib qoladi va kamaytirilmaydi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda sil va o‘pka kasalliklariga sun’iy intellekt yordamida tashxis qo‘yilishi haqida yozgandi.
`