Musulmon davlatlari Isroilning falastinliklarga qarshi o‘lim jazosini qoraladi

Sakkizta musulmon aholisi ko‘p bo‘lgan davlat Isroilning falastinliklarga qarshi harbiy sudlarda o‘lim jazosini asosiy hukm sifatida belgilovchi qonunni qat’iyan qoraladi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Qonun Isroil parlamenti tomonidan 30-mart kuni qabul qilingan bo‘lib, u falastinliklarni «Isroil mavjudligini yo‘q qilishga yo‘naltirilgan» hujumlar uchun jazolashni nazarda tutadi. Tanqidchilar fikricha, bu qonun faqat falastinliklarga o‘lim jazosi belgilaydi, shunga o‘xshash jinoyatlarni sodir etgan yahudiy Isroilliklarga esa tatbiq qilinmaydi.
Falastin prezidenti Mahmud Abbos qonunni xalqaro huquqni buzish va falastinliklarni qo‘rqitishga qaratilgan urinish sifatida qoraladi. Pokiston, Turkiya, Misr, Indoneziya, Iordaniya, Qatar, Saudiya Arabistoni va BAA qonunni «xavfli keskinlashuv» deb atab, ziddiyatlarni kuchaytirishi mumkin bo‘lgan choralarni qo‘llashdan tiyilishga chaqirdi.
Qo‘shni Afg‘onistondagi Tolibon hukumati ham qonunni «zulmning davom etishi» deb baholab, xalqaro tashkilotlar va ta’sirli davlatlarni bunday harakatlarning oldini olish uchun amaliy chora ko‘rishga chaqirdi. G‘arb mamlakatlari, jumladan, Yevropa Ittifoqi, Germaniya va Kanada ham Isroilning qarorini tanqid qildi.
Qonunni qo‘llab-quvvatlovchilar o‘lim jazosining falastinliklarni Isroilliklarga qarshi o‘ldirish hujumlari yoki qochirish harakatlaridan to‘xtatishga xizmat qilishini ta’kidladi. Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu esa noroziliklarni kamaytirish maqsadida qonunning ayrim jihatlarini yumshatishni so‘radi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil ishg‘ol qilingan G‘arbiy Sohilda nazoratni kuchaytirish va ko‘chib kelgan aholiga yer sotib olishni osonlashtirish choralarini tasdiqlagan edi.