Eron zarbalari ortidan Bahrayndagi Amazon markazi zarar ko‘rdi

eʼlon qilindi
Rasmiylar zarar ko‘lami yoki jabrlanganlar haqida hozircha aniq ma’lumot bermagan
Foto: Pexels

Bahraynda Amazon kompaniyasining bulutli hisoblash markazi Eron hujumi oqibatida zarar ko‘rdi. Bu haqda Financial Times manbalarga tayanib xabar berdi.

Bahrayn Ichki ishlar vazirligi ma’lum qilishicha, mamlakatdagi kompaniyalardan birining obyektida yong‘in yuz bergan. Hodisa Eron hujumi bilan bog‘langani aytilmoqda. Yong‘inni o‘chirish ishlari fuqarolik mudofaasi tomonidan olib borilgan. Rasmiylar zarar ko‘lami yoki jabrlanganlar haqida hozircha aniq ma’lumot bermagan. Shuningdek, aynan qaysi kompaniya obyekti zararlangani ham darhol ochiqlanmadi.

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, zararlangan obyekt Amazon Web Services markaziga tegishli bo‘lishi mumkin. Bu xizmat Amazon’ning asosiy daromad manbalaridan biri hisoblanadi. Avvalroq Eron Inqilobiy gvardiyasi Yaqin Sharqdagi AQSh kompaniyalariga zarba berilishi mumkinligini bildirgan edi. Ular orasida Microsoft, Google va Apple ham tilga olingan.

O‘tgan hafta Amazon Bahrayndagi AWS hududi mintaqadagi mojaro sabab ishlashida uzilishlar yuz berganini bildirgan edi. Bu oxirgi bir oy ichida ikkinchi shunday holat bo‘ldi. Bulutli xizmatlar ko‘plab saytlar va davlat tizimlari ishlashi uchun muhim hisoblanadi. Shu sababli bu kabi hodisalar global raqamli infratuzilmaga ham ta’sir qilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Eron AQSh IT gigantlari obyektlariga zarba bilan tahdid qilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek