Mobil operatorlarga internet trafiksiz tariflarni joriy etish majburiy bo‘lishi mumkin

O‘zbekistonda endilikda operatorlar abonentlarga faqat qo‘ng‘iroq va SMS’lardan iborat alohida tariflarni ham taqdim etishi kutilmoqda. Bu bo‘yicha hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Bu bilan tarif nomlari orqali narxni yashirish amaliyotiga chek qo‘yilishi mumkin.
Loyihaga ko‘ra, mobil operatorlar abonentlarga faqat qo‘ng‘iroq va SMS’lardan iborat, internet trafiksiz alohida tarif rejalarini ham taklif qilishi shart bo‘lishi mumkin.
Mazkur talab aholining turli qatlamlari, ayniqsa, internetdan foydalanmaydigan yoki kam foydalanadigan foydalanuvchilar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan. Hozirgi vaqtda ko‘plab tariflarda internet majburiy tarzda kiritilgani sababli, ayrim abonentlar o‘zlariga kerak bo‘lmagan xizmat uchun ham to‘lov qilishga majbur bo‘lmoqda.
Shuningdek, loyiha doirasida mobil tariflarga nom berish tartibini o‘zgartirish ham rejalashtirilgan. Ya’ni tarif nomlarini uning narxi yoki abonent to‘lovi miqdoriga bog‘lab qo‘yish amaliyotiga chek qo‘yilishi mumkin. Amaldagi holatda ayrim operatorlar tarif nomini o‘zgartirmagan holda narxni oshirib borayotgani iste’molchilarni chalg‘itayotgani qayd etilgan.
Mazkur qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan bo‘lib, fuqarolar o‘z fikr va takliflarini 15-aprelga qadar bildirishi mumkin.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda xarid qilingan mobil qurilmalarning IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish majburiyati iste’molchiga emas, balki import qiluvchi, ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchiga yuklatilishi haqida yozgandi.