Kino haqida kino: Garri Potter seriali bo‘yicha maxsus epizod treyler taqdim etiladi

3-aprel 2026 11:00 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Foto: Life Hacker

HBO kompaniyasi Garri Potter serialiga bag‘ishlangan maxsus epizod treylerini chiqardi. Bu haqda Life Hacker nashri xabar berdi.

«Garri izidan: sahna ortidagi sehr» nomli ushbu maxsus son 5-aprel kuni tomoshabinlarga taqdim etiladi.

Maxsus epizodda serialning birinchi mavsumi qanday yaratilgani, suratga olish jarayonlari, dekoratsiyalar tayyorlanishi va mashhur sahnalar ortidagi ishlar ko‘rsatib beriladi. Treylerda Xogvarts maktabi va o‘rmon sahnalari qanday tasvirga olingani, shuningdek, ayrim muhim obyektlarning miniatyura modellari yaratilgani ham namoyish qilingan.

Aktyorlar ham o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashgan. Professor Makgonagall rolini ijro etayotgan Janet McTeer va Severus Sneyp obrazidagi Paapa Essiedu ilk bor Garri Potter olamiga kirib kelgan paytdagi hissiyotlarini aytib o‘tgan.

Shuningdek, Albus Dambldor rolini o‘ynayotgan John Lithgow ham loyiha haqida fikr bildirib, ushbu hikoyani qayta talqin qilish orqali ilgari ko‘rsatilmagan jihatlarni ochish mumkinligini ta’kidlagan.

Avvalroq serialning ilk treyleri ham e’lon qilingan bo‘lib, u 277 milliondan ortiq ko‘rishlar to‘plab, HBO loyihalari orasida rekord o‘rnatgan. Shu bilan birga, tomoshabinlar fikri bir xil bo‘lmadi – ayrim muxlislar aktyorlar tanlovi va serial muhitini tanqid qilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, serialning birinchi mavsumi 25-dekabr kuni premyera qilinadi. Loyiha jami 7 mavsumdan iborat bo‘lishi rejalashtirilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «O‘rgimchak odam: Yangi Kun» treyleri tarixda birinchi marta 1 milliarddan ortiq ko‘rilgani haqida yozgandi.

Shuningdek