
GAC Aion kompaniyasi yangi Aion N60 elektromobilini 16-apreldan oldindan sotuvga chiqaradi. Model narxi 150 ming yuan, ya’ni taxminan $21,7 mingdan past bo‘lishi kutilmoqda.
Yangi krossover ixcham segmentga mansub bo‘lib, zamonaviy dizaynga ega. Old qismida uzluksiz LED chiziq, yoritilgan logotip va to‘rtburchak faralar joylashgan. Model dizayni mashhur dizayner Benoit Jacob tomonidan ishlab chiqilgan.
Avtomobil uzunligi 4615 mm, g‘ildirak bazasi 2775 mmni tashkil etadi. Salon uch xil rang variantida taklif etiladi. Markazda 15,6 dyuymli ekran joylashgan bo‘lib, u ADiGO 6.0 tizimi asosida ishlaydi. N60 ichki jihozlari bilan ham ajralib turadi. Old o‘rindiqlar isitish, sovitish, massaj va xotira funksiyalariga ega. Orqa o‘rindiqlar esa egilish burchagini o‘zgartira oladi. Bagaj hajmi 447 litrdan 1947 litrgacha kengayadi.

Modelda LiDAR va 4D radar asosidagi ilg‘or haydovchi yordam tizimlari mavjud. Bu tizimlar avtoparkovka va yarim avtonom boshqaruvni qo‘llab-quvvatlaydi.
Elektromobil 165 kVt quvvatga ega motor bilan jihozlangan. Bir zaryadda 610 km masofa bosib o‘tadi. Energiya sarfi 100 km ga 11,7 kVt/soatni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangi Damas 3 xaridorlarga yetkazib berila boshlangani haqida yozgan edi.