13 yoshli qizni qiynoqqa solgan o‘gay onaga qarshi jinoyat ishi ochildi

Ijtimoiy tarmoqlarda voyaga yetmagan qiz o‘gay onasi tomonidan qiynoqqa solinganligi haqidagi videomurojaat keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB tomonidan tezkor tekshiruv o‘tkazildi.
Tekshiruv natijasida 1985-yilda tug‘ilgan fuqaro Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi yashash xonadonida o‘gay farzandi, 2013-yilda tug‘ilgan qizni bir necha marotaba urib, jismoniy tazyiq o‘tkazganligi aniqlandi. Jabrlanuvchi avval IIOga murojaat qilmagan.
Hozirda voyaga yetmagan jabrlanuvchi Toshkent shahar IIBB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirilib, davlat organlari tomonidan himoyaga olingan.
Yunusobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan gumonlanuvchi shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 110-moddasi («Qiynash») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Jinoyat ishi IIV tomonidan nazoratga olingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namanganda 53 yoshli o‘qituvchi voyaga yetmagan qizga zo‘ravonlikda gumon qilingani haqida xabar bergan edik.