Amazon yetkazib berish xizmatlariga 3,5 foiz qo‘shimcha to‘lov joriy qiladi

Amazon 17-apreldan boshlab uchinchi tomon sotuvchilari uchun yetkazib berish xizmatlariga 3,5 foizlik qo‘shimcha to‘lov (yonilg‘i va logistika ustamasi) joriy etadi. Yangi tartib AQSh va Kanada bozorlarida amal qiladi, deya yozmoqda Oninvest nashri.
Kompaniya bu qarorni yonilg‘i narxlarining keskin oshishi va logistika xarajatlarining ko‘paygani bilan izohladi. Rasmiy bayonotda ta’kidlanishicha, so‘nggi vaqtlarda buyurtmalarni bajarish xarajatlari butun sohada oshib bormoqda va bu qo‘shimcha to‘lov vaqtinchalik choradir.
Amazon vakili Ashley Vanicek ushbu ustama boshqa yirik logistika kompaniyalari qo‘llayotgan to‘lovlarga nisbatan past ekanini bildirdi.
So‘nggi kunlarda neft narxlari ham keskin ko‘tarildi. Xususan, Brent markali neft fyucherslari 6 foizdan ortiq oshib, bir barrel uchun $107 dan yuqoriga chiqdi.
Bundan tashqari, United States Postal Service ham 26-apreldan boshlab posilkalar uchun yonilg‘i ustamasi joriy etishni rejalashtirgan. Shuningdek, UPS va FedEx kabi yirik tashuvchilar ham shunga o‘xshash qo‘shimcha to‘lovlarni allaqachon oshirgan.
Amazon’ning yangi ustamasi tovar narxiga emas, balki sotuvchilardan olinadigan xizmat haqlariga nisbatan hisoblanadi. O‘rtacha hisobda bu har bir mahsulot uchun taxminan 17 sent qo‘shimcha xarajatni tashkil etadi, biroq mahsulotning hajmi va og‘irligiga qarab farq qilishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Eron zarbalari ortidan Bahrayndagi Amazon markazi zarar ko‘rgani haqida yozgandi.