Neft narxi $150 dan oshishi mumkin — JPMorgan

eʼlon qilindi
Hormuz bo‘g‘ozi orqali yetkazib berishdagi uzilishlar davom etsa
Foto: depositphotos.com

Yaqin Sharqdagi keskinlik fonida tez orada neft narxi $120 – 130 gacha koʻtarilishi mumkin. Bu haqda JPMorgan Chase tahlilchilari oʻz prognozlarini bildirdi.

Ta’kidlanishicha, agar Hormuz boʻgʻozi orqali yetkazib berishdagi uzilishlar davom etsa, narxlar $150 dan ham oshishi ehtimoli bor. Bankning asosiy ssenariysiga koʻra, boʻgʻozdagi harakat muzokaralar orqali tiklanadi. Shunda ikkinchi chorak davomida neft $100 dan yuqori darajada saqlanadi. Yilning ikkinchi yarmida esa narxlar asta-sekin pasayishi mumkin.

Tahlilchilarga koʻra, narxlarning qanchalik yuqori va uzoq muddat saqlanishi global iqtisodiyotga bosimni belgilaydi. Agar neft uzoq vaqt qimmat boʻlib qolsa, talab pasayishi va hatto retsessiya xavfi kuchayadi. Savdolarda keskin oʻsish ham kuzatildi. Brent crude fyucherslari qariyb 8 foizga oshib, $109,2 ga yetdi. WTI crude esa 12 foizga qimmatlab, $115 ni tashkil etdi. Bu oxirgi yillarda eng katta kunlik oʻsishlardan biri boʻldi.

Bozordagi keskinlikka Donald Trampning Eron atrofidagi harbiy harakatlar kuchayishi mumkinligi haqidagi bayonoti ham ta’sir koʻrsatdi.

Shu bilan birga, Eron va Ummon tomonidan Hormuz boʻgʻozi orqali kemalar harakatini nazorat qilish mexanizmi ishlab chiqilayotgani haqidagi xabarlar fonida narxlar biroz pasaydi.

Eslatib oʻtamiz, ayni paytda mintaqada vaziyat keskinligicha qolmoqda. Soʻnggi zarbalar neft infratuzilmasiga ham ta’sir koʻrsatib, bozor xavotirini kuchaytirmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yaqin Sharqdagi notinchlik sabab neft narxi $115 dan oshgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek