Hayvonlarga shafqatsizlik uchun 1 yilgacha qamoq taklif qilinmoqda

eʼlon qilindi
Shuningdek, bunday harakatlar uchun jarimalarni 200 baravargacha (82,4 mln so‘m) oshirish ham kutilmoqda
Foto: Orlov Alexsandr / Shutterstock / FOTODOM

O‘zbekistonda hayvonlarni himoya qilish bo‘yicha yangi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda. Unda shafqatsizlik holatlari uchun jarimalarni keskin oshirish va hatto 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi joriy etilishi ko‘zda tutilgan.

Oliy Majlisda O‘zbekiston Ekologik partiyasi deputatlari tomonidan hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatlarning oldini olishga qaratilgan yangi qonun loyihasi tayyorlanayotgani ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda bunday holatlar kamaygan bo‘lsa-da, ayrim holatlarda hayvonlarga nisbatan zo‘ravonlik hanuz uchrab turibdi. Ba’zi hollarda esa bu harakatlar asossiz ravishda, hatto ko‘ngilxushlik uchun sodir etilayotgani ta’kidlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 25-mart kuni qabul qilingan qonunga ko‘ra, bunday huquqbuzarliklar uchun jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi belgilangan. Biroq mutaxassislar amaldagi choralar yetarli emasligini bildirib, masalaga yanada qat’iy yondashuv zarurligini qayd etmoqda.

Yangi loyihaga ko‘ra, hayvonlarga nisbatan shafqatsizlik aniq mezonlar asosida belgilab qo‘yiladi va qat’iyan taqiqlanadi. Shuningdek, bunday harakatlar uchun jarimalarni 200 baravargacha (82,4 mln so‘m) oshirish yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi joriy etilishi mumkin.

Bundan tashqari, aybdor shaxslar hayvonga yetkazilgan zarar uchun barcha veterinariya xarajatlarini qoplashga majbur bo‘ladi. Hayvonlarni tashlab ketish holatlariga qarshi kurashish, egalarining majburiyatlarini aniq belgilash ham ko‘zda tutilgan.

Qonun loyihasida jamoat joylarida hayvonlar uchun qulay sharoit yaratish, jumladan, yo‘lboshlovchi va emotsional ko‘makchi hayvonlar bilan transportdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish ham rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, ta’lim muassasalari va OAV orqali hayvonlarga mehr bilan munosabat madaniyatini shakllantirish, shafqatsizlikni targ‘ib qilishga qarshi choralar ham kiritilgan.

Loyiha yuzasidan jamoatchilik fikrlari qabul qilinmoqda va barcha manfaatdor fuqarolar muhokamalarda faol ishtirok etishga chaqirilgan.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda hayvonlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari ortidan jamoatchilik tomonidan jazolarni kuchaytirishga chaqiriqlar kuchaymoqda. Shu munosabat bilan onlayn petitsiya e’lon qilinib, amaldagi choralar yetarli emasligi ta’kidlangani haqida yozgandi.

Shuningdek