Ortda qolgan hafta qanday yakunlandi

Kursiv Uzbekistan o‘tgan haftada xorij va O‘zbekistonda sodir bo‘lgan yangiliklarni bir joyga jamladi.
Yaqin Sharqdagi notinchlik sabab neft narxi 115 dollardan oshdi
AQSh va Isroilning Eron hududlariga davom etayotgan hujumi hamda Yaqin Sharqdagi notinchlik sabab neft narxi $115 dan oshdi. BBC nashrining yozishicha, Osiyo fond bozorlarida ayrim kompaniyalarning aksiyalari pasayishni boshlagan.
Brent nefti narxi 3% dan ko‘proq oshib, $115 dan yuqoriga chiqdi. AQShda savdo qilinadigan neft esa 3,5% ga ko‘tarilib, $103 ga yetdi. Bu brent uchun tarixdagi eng katta oylik o‘sishlardan biri bo‘lishi mumkin.
Bir qator hududlarda giyohvandlik moddalari savdosiga chek qo‘yildi
Foto: DXX
O‘zbekistonning bir qator hududlarida giyohvandlik moddalari savdosiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar bermoqda.
Xorazm viloyatining Urganch shahrida 1983-yilda tug‘ilgan shaxs qo‘lga olindi. Uning yonidan 5 gramm opiy topildi. Ijaraga olingan uyidan esa 887 gramm opiy va 71 gramm geroin aniqlandi. Gumonlanuvchi moddalarni qo‘shni davlatdan olib kelib, sotishni rejalagan.
Avtotransport vositalari va ehtiyot qismlar savdosi 7,6 trln so‘mga yetdi
Foto: Kursiv Uzbekistan
2026-yil yanvarda avtotransport vositalari va ehtiyot qismlar savdosi 7,6 trln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,8 trln so‘mga oshganini ko‘rsatadi. O‘sish 31,9 foizni tashkil etdi. So‘nggi yillarda bozorda keskin o‘zgarishlar kuzatilgan. 2023-yilda savdo hajmi 3,9 trln so‘m bo‘lgan. 2024-yilda u 7,1 trln so‘mga chiqdi. 2025-yilda esa 5,7 trln so‘mga tushdi.
Nikol Pashinyanga cherkovda hujum qilishga urinish to‘xtatildi
Foto: Aqorda_resmi
Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanga Yerevandagi Avliyo Anna cherkovida hujum qilishga urinish to‘xtatildi. Bu haqda Armenia Today nashriga tayanib Kursiv Qozog‘iston xabar berdi.
Hodisa ibodat yakunida sodir bo‘lgan. Pashinyan qo‘riqchilar hamrohligida cherkovni tark etayotgan paytda mojaro yuzaga kelgan. Guvohlarning aytishicha, erkaklardan biri xavfsizlik xodimlari bilan tortishib qolgan. U bosh vazirga qarata keskin gaplar aytgan va qo‘riqchilar tomonidan chetga surilgan.
O‘zbekistonda yangi milliy tabiat bog‘lari tashkil etiladi
Foto: Pexels
O‘zbekistonda bir qator yangi milliy tabiat bog‘lari tashkil etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Yangi qabul qilingan prezident qaroriga ko‘ra, Toshkent viloyatida «Ovjazsoy – Moviy tog‘lar» milliy tabiat bog‘i barpo etiladi. U Ohangaron tumanidagi 9,2 ming gektar hududni qamrab oladi. Shuningdek, Bo‘stonliq tumanida «Piskom» milliy tabiat bog‘i tashkil etiladi. Uning umumiy maydoni 156,7 ming gektarni tashkil qiladi.
Birinchi marta Osiyo mamlakati Eurovision tanlovini qabul qiladi
Osiyodagi birinchi Eurovision qo‘shiq tanlovi joriy yilning noyabr oyida Tailand poytaxti Bangkok shahrida bo‘lib o‘tadi. Final bosqichi 14-noyabrga belgilangan.
Ta’kidlanishicha, tanlovda ishtirok etish uchun hozirgacha 10 ta davlat ariza bergan. Bular qatoriga Janubiy Koreya, Tailand, Filippin, Vyetnam, Malayziya, Kambodja, Laos, Bangladesh, Nepal va Butan kiradi.
Osiyo mintaqasida o‘tkaziladigan ushbu nufuzli musiqa tanlovining potensial auditoriyasi 600 mln kishini tashkil etishi baholanmoqda.
Yevropa formatidagi kabi Osiyodagi tanlovda ham har bir ishtirokchi davlat o‘z vakilini yaqin oylarda bo‘lib o‘tadigan milliy tanlovlar natijalariga ko‘ra aniqlaydi.
Toshkentning beshta tumanida gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatildi
Toshkent shahrining beshta tumanida, xususan, Yakkasaroy, Yangihayot, Mirzo Ulug‘bek, Sergeli va Uchtepa tumanlarida 31-mart kuni tabiiy gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda «Hududgaz Poytaxt» gaz ta’minoti filiali xabar bermoqda.
Gaz ta’minotidagi uzilishlar turli tumanlarda turlicha vaqt oraliqlarida amalga oshiriladi. Yakkasaroy tumanidagi «Shoxjahon» MFY hamda Yangihayot tumanidagi «Yangi turmush» MFYda soat 11:00 dan 13:00 gacha gaz o‘chiriladi. Xuddi shu vaqt oralig‘ida Mirzo Ulug‘bek tumanining Alisher Navoiy, Geologlar, Jasorat va Geofizika mahallalarida ham ta’minot to‘xtatiladi.
Botanika bog‘ida velosiped va samokatlar harakati taqiqlandi
Toshkent Botanika bog‘ida 2026-yil 1-apreldan boshlab hududda velosiped va samokatlarda harakatlanish taqiqlanadi. Bu haqda bog‘ ma’muriyati ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, so‘nggi paytlarda ushbu transport vositalari bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar ko‘paygan. Fuqarolarning yiqilishi va turli darajadagi jarohatlar qayd etilgan.
1-maydan aliment to‘lamaganlarga moliyaviy va davlat xizmatlari cheklanadi
Foto: Facebook
Endilikda qarzdor vafot etgan, vafot etgan deb e’lon qilingan yoki bedarak yo‘qolgan deb topilgan holatlarda unga nisbatan yuritilgan ijro ishlari davlat ijrochisining qarori bilan tugatiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Yangi tartibga ko‘ra, ayrim ijro hujjatlarini majburiy ijroga topshirishdan oldin, ularni tegishli davlat organi yoki tashkilotga berish undiriluvchining huquqi sifatida belgilanadi. Bunday hujjatlar qatoriga yuridik shaxslar tomonidan qarzdor jismoniy shaxsning ish haqi va boshqa daromadlaridan undiruvni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari ham kiritiladi.
Telegram’da yangi funksiyalar: SI muharrir, kengaytirilgan so‘rovnoma va Live Photos
Foto: Eyestetix Studio / Unsplash
Telegram platformasida foydalanuvchilar uchun qulaylik va funksionallikni oshirishga qaratilgan yangi imkoniyatlar taqdim etildi. Bu haqda Telegram rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Telegram yangilanishi doirasida sun’iy intellekt asosida ishlovchi matn muharriri joriy qilindi. Ushbu vosita yordamida foydalanuvchilar grammatikani tezda tuzatish, matnni boshqa uslubda qayta yozish yoki xabarni boshqa tilga tarjima qilishlari mumkin. Muharrir ochiq manbali SI asosida ishlaydi va barcha so‘rovlar foydalanuvchi ma’lumotlariga kirishsiz, himoyalangan Cocoon Network muhitida qayta ishlanadi. Mazkur funksiya Premium obunachilar uchun taqdim etilgan.
Iroqda amerikalik jurnalist Shelli Kittleson o‘g‘irlandi
Foto: Instagram / Shelli Kittleson
Iroqning Bag‘dod shahrida amerikalik jurnalist Shelli Kittleson 31-mart kuni noma’lum shaxslar tomonidan kuch ishlatilishi oqibatida o‘g‘irlab ketildi. Bu haqda CNN xabar berdi. AQSh rasmiylari ushbu vaziyatni diqqat bilan kuzatayotgani va Iroq hukumati bilan yaqin hamkorlikda ish olib borayotganini ma’lum qildi. Hozircha hodisa ortida turgan kuchlar aniq aytilmagan bo‘lsa-da, ayrim manbalar jurnalist ilgari Kataib Hizbulloh bilan bog‘liq tahdidlarga duch kelganini bildiradi.
Prezident Milliy dendrologiya bog‘ini barpo etishga start berdi — foto, video
Prezident Milliy dendrologiya bog‘ini barpo etishga «start» berdi / Foto: President.uz
Shavkat Mirziyoyev «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbirida ishtirok etib, poytaxtda Milliy dendrologiya bog‘ini barpo etishga «start» berdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tadbirda davlat yetakchisi azaldan Navro‘z kunlarida, farzand tug‘ilganda yoki ezgu niyat bilan daraxt ekish an’anasi mavjudligini ta’kidladi. Shu qadriyatlar asosida so‘nggi besh yilda har yili 200 mln tup ko‘chat ekib kelinayotgani qayd etildi.
«Xalqimizda “Yaxshidan bog‘ qoladi», «Bir ko‘chat – ming baraka», «Farzand ko‘rsang, to‘y qilsang, daraxt ek», deb bejiz aytilmagan. Bunday hikmatli so‘zlarning ahamiyati hozir har qachongidan ham dolzarb bo‘lib borayotganini barchamiz kundalik hayotda his etib turibmiz», – deya qayd etgan prezident.
Foto: APA
Turkiyada migrantlar qayig‘ining ag‘darilishi oqibatida 18 kishi halok bo‘ldi
Turkiya hududida migrantlar qayig‘ining ag‘darilishi oqibatida 18 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Deutsche Welle (DW) mahalliy nashrlarga tayanib xabar bermoqda. Hodisa erta tongda Egey dengizida sodir bo‘lgan.
Foto: Aziz Abidov Telegram-kanali
Toshkentda fuqaro sud qaroridan noroziligini noodatiy yo‘l bilan bildirdi
Toshkentda fuqaro sud qaroridan noroziligini g‘ayrioddiy usulda bildirdi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov Telegram’dagi kanalida ma’lum qildi.
Shayirbek Tashiyev / Foto: QR IIV
Qamchibek Tashiyevning akasi Qirg‘izistonga 46 mln dollar qaytaradi
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq rahbari Qamchibek Tashiyevning akasi, sobiq deputat Shayirbek Tashiyev «Qirg‘izneftgaz» ishi bo‘yicha qo‘lga olindi. U davlatga yetkazilgan 4,1 mlrd som ($46 mln) miqdoridagi zarar yetkazgan.
Foto: fide.com
Javohir Sindarov FIDE nomzodlar turnirida uchinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi
2026-yil 1-aprel kuni bo‘lib o‘tgan FIDE nomzodlar turnirining 4-turida Javohir Sindarov amerikalik Fabiano Karuanani mag‘lub etib, turnir g‘olibligi sari muhim qadam tashladi.
Qanday qoidabuzarliklar uchun jarima ballari qo‘llanmaydi
Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining qayd etishicha, bir qator qoidabuzarliklar uchun jarima ballari belgilanmaydi. Bu haqda tashkilot matbuot kotibi Zoyir Yo‘ldoshevning Telegram-kanalida ma’lum qilindi.
Amaldagi tartibga binoan, jarima ballari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 12-moddasi asosida qo‘llanadi. Biroq ayrim holatlar bundan mustasno hisoblanadi. Xususan, piyodaga yo‘l bermaslik, xavfsizlik kamaridan foydalanmaslik, telefon ishlatish hamda ichki ishlar organlari xodimlariga bo‘ysunmaslik kabi qoidabuzarliklar uchun jarima ballari qo‘llanmaydi.
Yillik inflyatsiya darajasi 7,3 foiz atrofida saqlanib qolmoqda — Markaziy bank
Markaziy bank raisi Timur Ishmetovga ko‘ra, yillik inflyatsiya darajasi 7,3 foiz atrofida saqlanib qolmoqda. Bu haqda u «Ozbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida qayd etdi.
«Yillik hisobda inflyatsiyamiz shu 7,3 foizi saqlanib qolmoqda, lekin bu yilda uni 6,5 foizgacha pasaytirish rejamiz bor edi. Lekin dunyodagi bo‘lgan o‘zgarishlar, neft narxining o‘zgarishi, umuman logistikada uzilishlar, albatta, kelajakda bizga shu import qilinayotgan oziq-ovqat mahsulotlari, energetikaning narxini oshishi hisobiga, umuman boshqa tovarlarga ham ta’sirining bo‘lishini hisobga olib, nima oldindan chora ko‘rishimiz kerakligi belgilab olindi», – deya qayd etgan regulyator rahbari.
«Samarqand 2028» sun’iy yo‘ldoshi may oyida uchiriladi
«Samarqand 2028» sun’iy yo‘ldoshi may oyida uchiriladi. Bu haqda Toshkentda o‘tgan Space Technology Conference 2026 xalqaro anjumanida ma’lum qilindi.
Ta’kidlanishicha, loyiha Xitoyning StarVision kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Mazkur sun’iy yo‘ldosh giperspektral texnologiyaga asoslangan bo‘lib, turli sohalarda keng qo‘llanishi rejalashtirilgan. Loyiha O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ilmiy-texnologik hamkorlikning muhim natijasi sifatida baholanmoqda.
O‘zbekiston mustaqilligining 35-yilligi esdalik oltin tangasi zarb etiladi
Markaziy bank 2026-yil 1-sentabrga qadar «Mustaqillikning 35 yilligi» esdalik oltin tangasini zarb etadi. Bu haqda prezidentning tegishli qarorida qayd etildi. Tangalar mamlakat mustaqilligi va suverenitetini ramziy qiladi.
Shuningdek, Madaniyat vazirligi Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan asosiy bayram tadbiriga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha mas’ul etib belgilandi. Badiiy akademiya, Yozuvchilar uyushmasi va Ma’naviyat markazi 1-iyunga qadar «Vatan fidoyilari» ramziy monumentining eskiz loyihasini tayyorlaydi. Ushbu monument Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyat markazlaridagi umummilliy birdamlik bog‘larining markaziy qismiga o‘rnatiladi.
Toshkentda bank eksperti 10 ming dollar pora bilan ushlandi
Foto: Depositphotos.com
Toshkent shahridagi yirik tijorat banklaridan birida ishlovchi xodim $10 ming miqdoridagi noqonuniy mablagʻni olayotgan vaqtida qoʻlga olindi. Tezkor tadbir Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan.
Reklama
Ma’lum qilinishicha, bankning katta eksperti xizmat koʻrsatish sohasida faoliyat yurituvchi MChJ rahbaridan pul talab qilgan. U oʻzining tanishlari orqali Samarqand viloyatidagi banklardan biridan 1,2 mlrd soʻm kredit olib berishni va’da qilgan.
MobiUz xususiylashtirilishida yangi muddat belgilandi
Foto: MobiUz
MobiUzʼni xususiylashtirish boʻyicha investorlar uchun takliflar qabul qilish muddati uzaytirildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA) ma’lum qildi.
Agentlikning ta’kidlashicha, endi savdo ishtirokchilar yaxshilangan majburiy takliflarini 20-aprel kuni soat 23:59 gacha (Toshkent vaqti bilan) qayta taqdim etishi mumkin. Bu qaror savdo jarayonida maksimal iqtisodiy samaraga erishish hamda raqobat muhitida eng maqbul natijani ta’minlash maqsadida qabul qilingan. Shu doirada ayrim parametrlar takomillashtirilishi mumkinligi qayd etildi.
«Buyuk ipak yoʻli» metrosi yaqinidagi chorrahada ikki qavatli yoʻl quriladi
Foto: Toshkent shahar hokimligi
Toshkentda «Buyuk ipak yoʻli» metro bekati yaqinidagi chorraha qayta qurilishi rejalashtirilmoqda. Loyiha Yoʻl harakatini tashkil etish markazi tomonidan jamoatchilikka taqdim qilindi, deya xabar bermoqda shahar hokimligi.
Rejaga koʻra, Mustaqillik shohkoʻchasi, Mirzo Ulugʻbek va Buyuk ipak yoʻli kesishmasida ikki qavatli yoʻl oʻtkazgich barpo etiladi. Ushbu hudud poytaxtdagi eng tirband nuqtalardan biri boʻlib, harakat koʻpincha qoʻlda boshqariladi.