“Beshqo‘rg‘on” bozorida yong‘in: nimalar ma’lum

5-aprel kuni soat 15:56 atrofida Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi «Beshqo‘rg‘on» savdo majmuasida yong‘in yuz berdi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) xabar bermoqda.
Guvohlarning aytishicha, yong‘in natijasida bozordagi bir nechta do‘konlar alangaga o‘ralgan. Yong‘in o‘chirish ekipajlari maxsus texnika yordamida olovni qisqa vaqt ichida nazoratga olishga kirishgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q. Yong‘in sabablari hozircha aniqlanmoqda. Yong‘inni o‘chirish jarayonida vazir Azizbek Ikramov ham ishtirok etgan.
Vazirlik qutqaruvchilarning harakatlari natijasida yirik talafotlarning oldi olinganini aytmoqda. Xususan, savdo majmuasining 3000 kv.m maydoni hamda undagi moddiy boyliklar saqlab qolingan. Shuningdek, yong‘in yaqin hududdagi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasi va 5 qavatli avtoturargohga tarqalishining oldi olindi.
Hozirda vaziyat Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan to‘liq nazoratga olingan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Toshkentdagi qurilish mollari do‘konida yong‘in sodir bo‘lgani haqida yozgan edi.