Farg‘onada fermer yer maydonini noqonuniy sotmoqchi bo‘ldi

eʼlon qilindi
Hozirda ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan
Farg‘onada fermer yer maydonini noqonuniy sotmoqchi bo‘ldi
Foto: DXX

Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanida fermer xo‘jaligi rahbari yer maydonini noqonuniy tarzda sotishga uringanida ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar bermoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, fermer yer maydonini xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilib, buning evaziga $20 ming hamda 100 mln so‘m talab qilgan. U 3,7 gektar yer uchastkasini 7 gektar deb ko‘rsatib, xaridorni chalg‘itishga harakat qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda u kelishilgan pulning $15 ming qismini uchinchi shaxs orqali olayotgan vaqtda qo‘lga olingan.

Mutasaddilar ta’kidlashicha, yer davlatning strategik resursi hisoblanadi. Uni noqonuniy sotish yoki rasmiylashtirishga urinish nafaqat iqtisodiyotga, balki ijtimoiy barqarorlikka ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, sug‘oriladigan yerlar bilan bog‘liq qonunbuzarliklar oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid tug‘diradi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Qashqadaryoda bozor rahbari pora bilan ushlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek