O‘zbekistonlik elektr muhandislari Janubiy Koreyaga ishga taklif qilinmoqda

eʼlon qilindi
Maosh $1,6 mingdan boshlanadi
O‘zbekistonlik elektr muhandislari Janubiy Koreyaga ishga taklif qilinmoqda
Foto: Pexels

O‘zbekistonlik elektr muhandislari uchun Janubiy Koreyada E-7-1 vizasi asosida yuqori maoshli ish o‘rinlari taklif etildi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar bermoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ish o‘rinlari butun Janubiy Koreya bo‘ylab joylashgan. Mehnat shartnomasi 3 yilga tuziladi va ish samaradorligiga qarab uzaytirilishi mumkin. Jami 20 ta bo‘sh ish o‘rni mavjud. Nomzodlarga oyiga 2 mln 390 ming koreys voni miqdorida maosh taklif etilmoqda. Bu taxminan $1,6 mingga teng. Qo‘shimcha ishlangan soatlar uchun haq 1,5 baravar ko‘p to‘lanadi.

Ish beruvchi tomonidan tushlik bepul taqdim qilinadi, ish kiyimi ham kompaniya hisobidan beriladi. Turarjoy xarajatlari esa kompaniya va xodim o‘rtasida teng taqsimlanadi. Kommunal to‘lovlar xodim oyligidan ushlab qolinadi. Nonushta va kechki ovqat xodim hisobidan bo‘ladi. Apostil, hujjatlarni tarjima qilish, viza, tibbiy ko‘rik va aviachipta xarajatlari nomzod tomonidan qoplanadi.

Talabgorlar 23 yoshdan 33 yoshgacha bo‘lgan erkaklar bo‘lishi kerak. Ular sudlanmagan, Koreyadan deportatsiya qilinmagan va jismonan sog‘lom bo‘lishi lozim. Shuningdek, elektr texnika yo‘nalishida bakalavr diplomi hamda kamida 3 yillik ish tajribasi talab etiladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Slovakiyada yuk tashish va ombor logistikasi sohasida kara haydovchilari uchun vakansiya e’lon qilingani haqida yozgan edi.

Shuningdek