Endi bakalavr bosqichi kamida 3 yil bo‘ladi

Oliy ta’lim tizimining asosiy tartiblari, ta’lim shakllari hamda talabalar va o‘qituvchilarning huquq-majburiyatlari aniq belgilab beradigan hujjat tasdiqlandi. Adliya vazirligi ushbu yangi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Nizomga ko‘ra, oliy ta’lim bakalavriat va magistratura bosqichlari orqali amalga oshiriladi. Bakalavriat kamida 3 yil davom etadi. Sirtqi ta’lim kunduzgiga nisbatan kamida 1 yil, kechki ta’lim esa kamida yarim yilga uzoqroq bo‘lishi belgilangan.
Ta’lim jarayoni kunduzgi, masofaviy, dual va inklyuziv shakllarda tashkil etilishi mumkin. O‘quv dasturlari esa bitiruvchilarning mehnat bozoriga mos bo‘lishi uchun ish beruvchilar bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi.
Talabalarga qator huquqlar berildi, jumladan:
— ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha taklif kiritish;
— o‘quv jarayoniga oid muhokamalarda qatnashish;
— kutubxona va axborot resurslaridan bepul foydalanish;
— xalqaro almashinuv dasturlarida ishtirok etish;
— oliy ta’lim muassasasi qarorlaridan shikoyat qilish;
— qonunchilik asosida ishlash hamda stipendiya olish.
Shu bilan birga, talabalarni o‘qishga aloqador bo‘lmagan ishlarga jalb etish taqiqlanadi. Talabalar esa ichki tartib-qoidalar va odob-axloq me’yorlariga rioya qilishi shart.
Yangi tartibga ko‘ra, ta’lim jarayoni kredit-modul tizimi asosida tashkil etilib, Yevropa kredit tizimiga moslashtiriladi. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalariga akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik beriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Oliy ta’limda xotin-qizlar qamrovi 1 millionga yaqinlashgani haqida yozgandi.