Tesla yana yetakchi: elektromobillar bozorida BYD ortda qoldi

6-aprel 2026 16:22 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Tesla yana yetakchi: elektromobillar bozorida BYD ortda qoldi
Kollaj: Finratings.kz

Tesla 2026-yil boshida yana dunyodagi eng yirik elektromobil ishlab chiqaruvchiga aylandi. Kompaniya sof elektr avtomobillar savdosi bo‘yicha Xitoyning BYD brendini ortda qoldirdi.

Yanvar–mart oylarida Tesla global yetkazib berish hajmini 6,5 foizga oshirib, 358 ming dona elektromobil sotdi. Bu natija kompaniyaga yana birinchi o‘rinni qaytarib berdi. Shu davrda BYD’ning sof elektr avtomobillar savdosi 25,5 foizga kamaydi. Kompaniya 310,3 ming dona elektromobil sotgan.

BYD gibrid modellarni ham ishlab chiqaradi, Tesla esa faqat to‘liq elektr avtomobillarni taklif qiladi. Xitoyda davlat subsidiyalarining qisqarishi BYD savdosiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Yangi qoidalarga ko‘ra, xaridorlarga beriladigan subsidiyalar kamaygan va elektromobillar uchun soliq imtiyozlari qisqartirilgan. Xaridorlar uchun elektromobil sotib olish xarajatlari oshgan.

Foto: Pexels

Tesla esa global bozor hisobiga barqaror o‘sishni saqlab qolmoqda. Kompaniya turli davlatlarda keng mijozlar bazasiga ega. Xitoydagi Tesla zavodi ham muhim rol o‘ynadi. Shanxaydagi Gigafactory birinchi chorakda 213 mingdan ortiq avtomobil yetkazib berdi. Bu kompaniyaning umumiy savdosining qariyb 60 foizini tashkil etdi.

Tesla va BYD o‘rtasidagi raqobat 2023-yildan beri davom etmoqda. O‘shanda BYD birinchi marta Tesla’ni ortda qoldirgandi. Bu yil AQSh kompaniyasi yana yetakchilikni qaytarib oldi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Tesla 80 mingta Supercharger zaryadlash qurilmasini o‘rnatgani haqida yozgan edi.

Shuningdek