Pora bilan ushlangan hokim o‘rinbosari, AQShda uchrashuv o‘tkazgan Saida Mirziyoyeva — 6-aprel kuni e’lon qilingan yangiliklar

Pora bilan ushlangan hokim o‘rinbosari, AQShda uchrashuv o‘tkazgan Saida Mirziyoyeva — 6-aprel kuni e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.
«Beshqo‘rg‘on» bozorida yong‘in: nimalar ma’lum

5-aprel kuni soat 15:56 atrofida Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi «Beshqo‘rg‘on» savdo majmuasida yong‘in yuz berdi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) xabar bermoqda.
Guvohlarning aytishicha, yong‘in natijasida bozordagi bir nechta do‘konlar alangaga o‘ralgan. Yong‘in o‘chirish ekipajlari maxsus texnika yordamida olovni qisqa vaqt ichida nazoratga olishga kirishgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q. Yong‘in sabablari hozircha aniqlanmoqda. Yong‘inni o‘chirish jarayonida Favqulodda vaziyatlar vaziri Azizbek Ikromov ham ishtirok etgan.
Tramp Hormuz bo‘g‘ozi bloklanishi sababli Eronga haqoratli tahdid qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp Hormuz bo‘g‘ozi bloklanishi sababli Eronga haqoratli tahdid qildi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Tramp o‘zining Truth Social tarmog‘idagi sahifasida keskin bayonot qoldirdi. U Eron elektr stansiyalari va ko‘priklari nishonga olinishi mumkinligini ta’kidladi. Shu bilan birga, AQSh yetakchisi muzokaralar orqali kelishuvga erishish ehtimoli ham borligini bildirgan. Eron rasmiylari bu bayonotni keskin rad etgan. Tehron vakillari Trampning so‘zlarini asabiy va asossiz deb baholab, ular bo‘g‘oz ochilishi faqat urush oqibatlari uchun kompensatsiya masalasi hal qilingandan keyin ko‘rib chiqilishini aytmoqda.
Samolyot dvigateli o‘rnatilgan Chevrolet avtomobili sotuvga qo‘yildi

AQShda noodatiy Chevrolet Camaro savdoga chiqarildi. 2010-yilgi modelga samolyot uchun mo‘ljallangan Boeing T50 turbina dvigateli o‘rnatilgan. Auksionda avtomobil uchun hozircha $25 ming atrofida taklif berilgan.
Mazkur loyiha Turbinaro nomi bilan tanilgan. U oddiy seriyali avtomobil emas, balki qariyb 9 yil davomida yaratilgan noyob kustom mashinadir. Keyinchalik mashhur bloger Cleetus McFarland tomonidan ham takomillashtirilgan. Avtomobilning eng asosiy farqi – klassik dvigatel o‘rniga aviatsiya turbinasining qo‘llanilgani. Boeing T50 dvigateli reaktiv yonilg‘ida ishlaydi va juda katta shovqin hamda yuqori yonilg‘i sarfi bilan ajralib turadi. Shuningdek, unda forsaj rejimi ham mavjud.
Saida Mirziyoyeva Donald Trampning vakili bilan uchrashdi

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva AQSh prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, elchi Serjio Gor bilan uchrashdi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Uchrashuv Mar-a-Lagoda bo‘lib o‘tgan. Mirziyoyeva ushbu uchrashuvdan mamnunligini bildirib, samimiy mehmondo‘stlik va iliq qabul uchun minnatdorlik izhor etdi. Uning ta’kidlashicha, muloqot mazmunli hamda konstruktiv ruhda o‘tgan.
Andijon hokimi o‘rinbosari 50 ming dollar olayotganda ushlandi

Andijon viloyati hokimining turizm, madaniyat va ommaviy kommunikatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Isomiddin Ismanov pora bilan qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Samsutdinov «Kursiv» nashriga ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, u tadbirkorga 20 sotix yer maydonini rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Evaziga $50 ming talab qilgan va pulni olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Endi bakalavr bosqichi kamida 3 yil bo‘ladi

Oliy ta’lim tizimining asosiy tartiblari, ta’lim shakllari hamda talabalar va o‘qituvchilarning huquq-majburiyatlari aniq belgilab beradigan hujjat tasdiqlandi. Adliya vazirligi ushbu yangi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Nizomga ko‘ra, oliy ta’lim bakalavriat va magistratura bosqichlari orqali amalga oshiriladi. Bakalavriat kamida 3 yil davom etadi. Sirtqi ta’lim kunduzgiga nisbatan kamida 1 yil, kechki ta’lim esa kamida yarim yilga uzoqroq bo‘lishi belgilangan.
«Eng yaxshi metrolog» tanlovi o‘tkazilish tartibi tasdiqlandi

O‘zbekistonda «Eng yaxshi metrolog» tanlovini o‘tkazish tartibi rasman belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Hukumat qarori bilan «Eng yaxshi metrolog» mukofoti bilan taqdirlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Ushbu nizom tanlovning o‘tkazilish tartibini belgilab, qatnashuvchilar uchun aniq mezonlarni belgilaydi.
«JCh – 2026» taqvimi: O‘zbekiston dastlabki turni tongda o‘tkazadi

2026-yilda Shimoliy Amerikada bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etuvchi jamoalarning o‘yinlar taqvimi e’lon qilindi. Fabio Kannavaro shogirdlari musobaqadagi dastlabki bahsni O‘zbekiston vaqti bilan tonggi 07:00 da o‘tkazadi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasining guruh bosqichidagi o‘yinlar jadvali ham tasdiqlangan. Vakillarimiz 1-turni 18-iyun tonggi soat 07:00 da Kolumbiyaga qarshi, 2-turni 23-iyun 22:00 da Portugaliyaga qarshi va 3-turni esa 28-iyun 04:30 da DR Kongo terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
Inflyatsiya 2017-yildan beri eng past darajaga tushdi

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyida iste’mol narxlari o‘rtacha 0,6 foizga oshgan. Bu ko‘rsatkich fevral oyiga nisbatan deyarli o‘zgarmagan bo‘lsa-da, o‘tgan yilga qaraganda pastroq.
2026-yilning birinchi choragi yakuniga ko‘ra inflyatsiya 1,9 foizni tashkil etdi. Eng muhim ko‘rsatkich — yillik inflyatsiya 7,1 foizgacha pasayib, 2017-yildan buyon eng past darajaga tushdi.
O‘zbekiston va Afg‘oniston internet erkinligi bo‘yicha bir xil ball to‘pladi

Xalqaro miqyosda 2026-yilgi global internet erkinligi indeksi natijalari e’lon qilindi. Joriy yilda O‘zbekiston maksimal 100 balldan 24 ball to‘plagan. Bu haqda Cloudwards xabar bermoqda.
Mintaqaviy ko‘rsatkichlar turlicha taqsimlangan bo‘lib, Markaziy Osiyoda Tojikiston 56 ball va Qirg‘iziston 52 ball bilan mintaqada nisbatan yaxshi natija ko‘rsatgan. Qozog‘istonning reytingdagi bali 36 ni tashkil qildi. Afg‘onistonda esa ushbu raqam 24 ballga teng bo‘ldi.