Toshkent va Surxondaryoda 35 kg narkotik kontrabandasi fosh etildi

Toshkent va Surxondaryo viloyatlarida 35 kilogrammdan ortiq narkotik moddalarning noqonuniy olib kirilishining oldi olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Birinchi holat Toshkent viloyatida 2003 va 1998-yilda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro davlat chegarasini noqonuniy kesib, qo‘shni respublikadan o‘tgan vaqtida qo‘lga olindi. Ulardan olingan ikki sport sumkasi ichida 4 kg 884 gr «opiy», 19 kg 863 gr «gashish» moddasi hamda 380 quti Esse Change tamaki mahsulotlari aniqlanib, ashyo sifatida rasmiylashtirildi. Narkokuryerlarga nisbatan JKning 223, 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoq qo‘llanildi.
Ikkinchi holat esa Surxondaryo viloyatida Afg‘onistondan avtomobil g‘ildiragi kamerasi orqali Amudaryodan o‘tgan uch nafar fuqaro qo‘lga olindi. Ular jami 2 kg 708 gr «opiy» va 8 kg 257 gr «gashish» moddasi olib kirishga uringan edi. Giyohfurushlar narkokuryerlarga har bir kilogramm uchun $200 mukofot va’da qilgan. Narkotik moddalarni noqonuniy olib kirganlarga nisbatan JKning 223 va 246-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullangan shaxslarga sud hukmi o‘qilgan edi.