Saida Mirziyoyeva AQShda biznes hamkorlikni muhokama qildi

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva AQSh poytaxtida Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi hamraisi, elchi Serjio Gor bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda uning o‘zi Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, uchrashuv davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi biznes hamkorligining asosiy yo‘nalishlari muhokama qilingan. Muzokaralar Kengash faoliyati rasman boshlanishi arafasida bo‘lib o‘tgan.
«Ushbu tuzilma O‘zbekiston va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi biznes aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan samarali maydonga aylanishi shubhasiz.», — deya qayd etgan Mirziyoyeva.

Shuningdek, u ishbilarmonlik dasturi davom etayotganini ham qo‘shimcha qildi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Saida Mirziyoyeva Donald Trampning vakili bilan uchrashgani haqida yozgan edi.