O‘zbekiston va Afg‘oniston farmatsevtika mahsulotlari savdosini 500 million dollarga yetkazmoqchi

eʼlon qilindi
Tomonlar O‘zbekistonda tayyorlanayotgan dori vositalari sifatiga bo‘lgan ishonch yuqori ekanligiga to‘xtaldi
Foto: SSV

O‘zbekiston va Afg‘oniston farmatsevtika mahsulotlari savdosini $500 millionga yetkazish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov boshchiligidagi delegatsiya Kobul shahriga xizmat safari doirasida Afg‘oniston Bosh vazirining ijtimoiy soha bo‘yicha o‘rinbosari Abdul Salom Hanafi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqotda qayd etilganidek, Afg‘oniston farmatsevtika bozori hajmi taxminan $1 mlrdga teng. Uni sifatli va arzon narxlardagi dori vositalari bilan ta’minlashda O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilarining imkoniyatlari katta.

Tomonlar O‘zbekistonda tayyorlanayotgan dori vositalari sifatiga bo‘lgan ishonch yuqori ekanligiga to‘xtalib, bu yo‘nalishdagi aloqalarni yanada mustahkamlash zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, afg‘on korxonalari bilan kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda farmatsevtika mahsulotlari importini tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Navbatdagi uchrashuv Afg‘oniston sog‘liqni saqlash vaziri Mavlavi Nur Jalol hamda Dori vositalari va oziq-ovqat xavfsizligi boshqarmasi (AFDA) rahbariyati bilan o‘tkazildi. Unda Afg‘oniston bozorida milliy mahsulotlar pozitsiyasini mustahkamlash bo‘yicha strategik takliflar ilgari surildi. Bu yo‘nalishda ikki tomonlama texnik ishchi guruh tuzilishi belgilandi.

Delegatsiyaning Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziy bilan uchrashuvida ikki tomonlama farmatsevtika mahsulotlari savdosini $500 mlnga yetkazishga kelishib olindi.

Avvalroq «Kursiv» nashri Oʻzbekistonda dorilarni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi yangilanishi haqida yozgandi.

Shuningdek