Andijon, Namangan va Farg‘onada 54 ming dollarlik korrupsion holatlar aniqlandi

Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida korrupsiyaga oid bir nechta holatlar aniqlanib, mansabdor shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda DXX xabar bermoqda.
Andijon viloyatida hokim o‘rinbosari fuqaroga yer ajratib berish va qurilish uchun ruxsatnoma olib berishni va’da qilib, $50 ming talab qilgan. U pulni yashash xonadonida olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Namangan viloyatida tuman bosh arxitektori avtomobil yuvish shoxobchasini rasmiylashtirib berish va taqiqni bekor qilish evaziga $1,5 ming so‘ragan. U avval $500 olgan, keyin qolgan $1 mingni xizmat xonasida olayotganida qo‘lga tushgan. Ma’lum bo‘lishicha, tadbirkor avval hujjatsiz qurilish uchun 43,3 mln so‘m jarima to‘lagan bo‘lsa-da, mansabdor unga qonuniy yo‘l ko‘rsatmagan.
Farg‘ona viloyatida esa mansabdor shaxs fuqaroni oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, $2 ming olayotganida ushlangan. Hozirda barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Toshkent va Surxondaryoda 35 kg narkotik kontrabandasi fosh etilgani haqida yozgan edi.