Yangi investitsiya to‘lqini: biotexnologiya, robototexnika va VR yetakchi yo‘nalishlar bo‘lishi mumkin

Yevroosiyo taraqqiyot banki yaqin yillarda global investitsiyalar uchun eng istiqbolli yo‘nalishlar sifatida biotexnologiya, robototexnika va virtual reallikni ko‘rsatdi. Mazkur trendlar bo‘yicha batafsil tahlil «Kursiv»da mavjud.
7-aprel kuni Olmaota shahrida Yevroosiyo taraqqiyot banki Investitsion megahayp to‘lqinlari nomli hisobotini taqdim etdi. Unda kelgusi yillarda yangi texnologiyalarga global qiziqish qaysi yo‘nalishlarda kuchayishi mumkinligi tahlil qilingan.
Hisobotga ko‘ra, so‘nggi yillarda dunyo iqtisodiyoti bir necha yirik investitsiya to‘lqinlarini boshdan kechirdi: digital yo‘nalish 2021-yilda, ESG 2023-yilda, sun’iy intellekt esa 2025-yilda eng yuqori cho‘qqiga chiqdi. Shu bilan birga, har bir yangi bosqich avvalgisini inkor etmay, balki uning asosida rivojlanadi.
Mutaxassislar keyingi 20 yil ichida yirik investitsiyalar uchun yettita asosiy yo‘nalishni ajratib ko‘rsatgan. Ular qatoriga biotexnologiya va uzoq umr ko‘rish texnologiyalari, robotlar va avtonom tizimlar, kvant hisoblash, virtual reallik, energiya saqlash tizimlari, iqlim texnologiyalari hamda kosmik iqtisodiyot kiradi.
Yaqin istiqbolda esa aynan biotexnologiya, robototexnika va virtual reallik eng kuchli yangi to‘lqin nomzodlari sifatida baholanmoqda.
Hisobotda ayniqsa biotexnologiyaga katta e’tibor qaratilgan. Bu soha nafaqat katta bozor hajmiga ega, balki kelajakdagi asosiy muammolardan biri — mehnat resurslari tanqisligini hal qilishga yordam berishi mumkin. Aholi qarib borayotgan sharoitda sog‘lom va faol umrni uzaytirish iqtisodiy jihatdan muhim ahamiyat kasb etadi.
Baholashlarga ko‘ra, global biotexnologiya bozori 2024–2025-yillarda $1,9–$2,2 trillionni tashkil etgan bo‘lsa, 2034-yilga borib qariyb $5,9 trillionga yetishi mumkin. Robototexnika bozori 2025-yildagi $64,8 mlrddan 2035-yilda $376 mlrdga, virtual reallik bozori esa $75 mlrddan 693 mlrdgacha o‘sishi kutilmoqda.
Tahlilchilarga ko‘ra, sog‘lom umrning atigi bir yilga uzayishi ham yirik iqtisodiyotlar uchun katta foyda keltirishi mumkin. Masalan, 20 yil ichida bu ko‘rsatkich Xitoy uchun $18,2 trillion, AQSh uchun $15,1 trillion, Rossiya uchun esa $2,8–$3,4 trillion qo‘shimcha YAIM o‘sishini ta’minlashi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan davlat qarorlarining kamida 70 foizi sun’iy intellekt orqali avtomatlashtirilishi haqida yozgandi.