Zarbdor tumani ilk bor voleybol va stol tennisi bo‘yicha O‘zbekiston chempionatiga mezbonlik qiladi

7-aprel 2026 17:29 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Zarbdor tumani ilk bor voleybol va stol tennisi bo‘yicha O‘zbekiston chempionatiga mezbonlik qiladi
Zarbdor tumani ilk bor voleybol va stol tennisi bo‘yicha O‘zbekiston chempionatiga mezbonlik qiladi / Foto: Olympics.com

Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan yig‘ilishda sport sohasini rivojlantirish masalalari muhokama qilinib, ayrim hududlardagi sustkashlik tanqid qilindi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, so‘nggi 9 yilda 1,5 mingdan ortiq mahallada 1 774 ta zamonaviy sport maydonchasi qurilgan. Shuningdek, hududlarda 200 dan ziyod yirik sport inshootlari va qariyb 4 mingta xususiy sport klublari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Natijada professional sport bilan shug‘ullanayotgan yoshlar soni 2 baravar oshgan, olimpiya terma jamoalari sportchilari 2 barobar, paralimpiya yo‘nalishida esa 3 barobar ko‘paygan.

O‘tgan yil davomida o‘zbekistonlik sportchilar xalqaro musobaqalarda 452 ta oltin, 418 ta kumush va 501 ta bronza medalni qo‘lga kiritgan. Ularning 50 nafardan ortig‘i jahon va Osiyo rekordlarini yangilagan.

Bugungi kunda olimpiya sport turlari bo‘yicha 26 ta federatsiyaga vazirlar va respublika tashkilotlari rahbarlari boshchilik qilmoqda. Hududlarda esa viloyat hokimlari olimpiya harakatini rivojlantirish bo‘yicha Prezident vakili etib belgilangan.

Yig‘ilishda ayrim joylarda mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayotgani tanqid qilindi. Masalan, Zarbdor tumanida 34 ming yosh ommaviy sportga jalb etilib, yangi sport zallari, yopiq futbol maydonlari va fitness klublari tashkil etilgan. Natijada tuman ilk bor voleybol va stol tennisi bo‘yicha O‘zbekiston chempionatiga mezbonlik qiladi.

Shuningdek, Qashqadaryoda tadbirkorlar tomonidan 60 milliard so‘mlik sport inshootlari barpo etilgani ijobiy tajriba sifatida qayd etildi.

Shu bilan birga, boshqa hududlarda sportni rivojlantirish ishlari sust ekani, ayrim hokimlarning bu sohaga yetarli e’tibor qaratmayotgani tanqid qilindi. Prezident Zarbdor tajribasini o‘rganib, uni barcha hududlarda joriy etish bo‘yicha topshiriq berdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Diyora Keldiyorova katta sportga qaytayotgani haqida yozgandi.

Shuningdek